O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi va “IT Park Uzbekistan” bosh direktori Farxod Ibragimov ishtirokidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Global Raqamli Summit-2024 tashrifi doirasida yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi.
“Vatandoshlar” – xorijiy davlatlardagi o‘zbek diasporasi vakillarining an’anaviy uchrashuvlarini o‘tkazish uchun maydon. Uchrashuvda Accenture, Amazon, Google, Bank of America Merrill Lynch, InSayn Tech, Wells Fargo va boshqa yirik kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz ishtirok etdi.
“Vatandoshlar” uchrashuvi ishtirokchilariga “IT Park Uzbekistan Ambassadors” dasturi taqdim etildi, uning maqsadi O‘zbekistonni xalqaro bozorda IT, BPO va KPO xizmatlari uchun autsorsing markazi sifatida ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat. Ushbu dastur doirasida xorijdagi hamyurtlarimiz O‘zbekistonga IT-xizmatlarini eksport qilish va biznes jarayonlarini autsorsing qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatimiz IT-infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan yirik kompaniyalarni jalb qilishlari mumkin. “Digital Uzbekistan – 2030” strategiyasi doirasida 2030-yilgacha IT-xizmatlari eksporti hajmini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish ushbu dasturning asosiy natijasidir.
Shuningdek, IT Park vakillari IT va autsorsing kompaniyalariga O‘zbekistonda minimal risklar bilan vakolatxonalar yaratish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan imtiyozli dasturlar – “Zero Risk” va “Regional HQ” haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. IT Park hududida 2024-yil 1-iyundan kuchga kiradigan raqamli texnologiyalar xalqaro markazi – “ENTERPRISE UZBEKISTAN” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdagi ochiq muloqot davomida ishtirokchilar IT-sohasining rivojlanish dinamikasini muhokama qildilar, shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat islohotlari va dasturlarining kutilayotgan natijalarini ko‘rib chiqdilar. AQShdagi hamyurtlarimiz O‘zbekistonda IT va autsorsing sohasidagi kompaniyalar uchun yangi shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni yuqori baholadi. Ularning muhokamadagi faol ishtiroki, shuningdek, bildirilgan qo‘llab-quvvatlash taklifi mamlakatda IT sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
2024-03-05