AQShdagi Uzbekistan Outsourcing Conference: yangi hamkorliklar va O‘zbekistonga strategik qiziqish

Nyu-Yorkda o‘tkazilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro texnologiya kompaniyalari bilan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazib, O‘zbekistonning investitsiya va IT-autsorsing salohiyatini namoyish etdi.

Manxetten markazida bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri 60 dan ortiq ishtirokchini, jumladan, kompaniya asoschilari, top-menejerlar va sanoat yetakchilarini birlashtirdi.

IT Park Uzbekistan Xalqaro marketing bo’yicha direktori Jamila Xalibaeva qutlov so‘zi bilan chiqdi:

“Bugungi kunda O‘zbekiston — bu nafaqat global autsorsing bozorida yangi ishtirokchi, balki ulkan istiqbolga ega, jadal rivojlanayotgan IT-ekotizimi va xalqaro maydonda ishlashga tayyor yosh iqtidor egalari bilan ajralib turadigan mamlakatdir. Amerikalik biznes vakillari tomonidan bildirilayotgan yuqori qiziqishdan mamnunmiz va bu katta hamkorlikning boshlanishi ekanligiga ishonchimiz komil.”

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari, mahalliy IT-bozorning afzalliklari hamda mamlakatda faoliyat boshlagan kompaniyalarning yutuqlari muhokama qilindi. IT Park vakillari tomonidan O‘zbekistonning IT-infratuzilmasi, ko‘p tilli salohiyati va xalqaro bozor talablariga javob beradigan yirik kadrlar zaxirasiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Juliya Kollinz, “Truss” kompaniyasi hammuassisi, amerikalik mijozlar uchun o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U mahalliy kadrlarning yuqori malakasi, tejamkorligi va kuchli texnik ko‘nikmalarini alohida ta’kidladi.

Maykl Asher, “RFA” kompaniyasining prezidenti va operatsion direktori kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishidagi strategik sabablari haqida so‘z yuritib, mamlakatning ishonchli autsorsing yo‘nalishi sifatidagi mavqeini tasdiqladi.   

“Headway BPO”, “Prutech”, “Protego Trust Bank”, “Wipro”, “Quay Acceleration”, “InTouch CX” va boshqa bir qator yetakchi AQSh kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirish borasida jiddiy qiziqish bildirdilar.

Tashrif doirasida AQShda yirik texnologiya kompaniyalari va venchur studiya bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

OnSpot Global

Muhim uchrashuvlardan biri “OnSpot Global” BPO-kompaniyasining asoschisi va prezidenti Jeyk Ueynberg bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar “OnSpot”ning Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniyatlarini, jumladan, ofis ochish va IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olish masalalarini muhokama qildilar. Jeyk Ueynberg O‘zbekistonlik texnik mutaxassislar salohiyatiga alohida qiziqish bildirib, kompaniya xizmatlarini kengaytirish uchun malakali ko‘mak zarurligini ta’kidladi.

2021-yilda tashkil etilgan “OnSpot Global” kompaniyasi AQSh va Buyuk Britaniyada biznes uchun moslashtirilgan BPO-yechimlarini taqdim etib, mijozlarga xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirishda yordam beradi. 50 million dollar daromadga ega bo‘lgan va Nyu-York, Filippin hamda Kosta-Rikada jamoalari mavjud kompaniya butun dunyo bo‘ylab o‘nlab mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.  

Raphael Group

Raphael Group” asoschisi Rafael Azizov bilan uchrashuvda O‘zbekistonda operatsion faoliyatni yo‘lga qo‘yish rejalari muhokama qilindi.

Suhbat davomida tomonlar “Raphael Group”ning O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Rafael Azizov O‘zbekiston, ayniqsa malakali IT-mutaxassislar mavjudligi va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlarni hisobga olgan holda, strategik qiziqish uyg‘otishini ta’kidladi.

Raphael Group — texnologik startaplarni rivojlantirishga ixtisoslashgan venchur studiyasi va investitsiya kompaniyasi bo‘lib, 2013-yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan. “Raphael Group” nafaqat investitsiyalar, balki ekspert yordami, global resurslar va strategik hamkorlikka kirish imkoniyatini ham taklif etadi. Kompaniyada 100 nafardan ortiq xodim mehnat qiladi.

HCLTech

Shuningdek, konferensiya doirasida “HCLTech” vitse-prezidenti Subramanyam Baskaran bilan samarali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar “HCLTech” kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirishi, jumladan moliyaviy texnologiyalar va autsorsing yo‘nalishlarida rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar. “HCLTech” vitse-prezidenti joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyurishga qiziqish bildirdi.

HCLTech — dunyoning 59 mamlakatida 225 ming xodimga ega global texnologiya kompaniya. Kompaniya texnologik xizmatlar va mahsulotlarning keng portfeliga tayanib, raqamli texnologiyalar, muhandislik, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot sohasida yetakchi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Aristo AI

Aristo AI” hammuassisi Kanan Mehrizoda bilan uchrashuvda O‘zbekistonning startap ekotizimi, kompaniyaning akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari va yangi bozorlarga chiqish uchun mahalliy venchur fondlari bilan aloqalar o‘rnatish masalalariga e’tibor qaratildi.

Aristo AI — 250 million dollar daromadga ega va moliyaviy texnologiyalarga yo‘naltirilgan sun’iy intellekt platformasidir.

IT Park Uzbekistan’ning “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiridagi ishtiroki va o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasining xalqaro integratsiyasi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Strategik hamkorliklarni rivojlantirishni va mamlakatni raqamli yechimlar markazi sifatida targ‘ib qilish orqali IT Park barqaror o‘sish, eksport salohiyatining oshishi hamda o‘zbekistonlik mutaxassislarning global miqyosda e’tirof etilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda.

2025-05-05