AQShga amalga oshirilgan yirik tashrif natijalari: Oʻzbekistonning BPO va IT-autsorsing sohasidagi salohiyati Amerika bozorida namoyish etildi

Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan AQShga tashrif buyurishdi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad — vatandoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish, yangi shartnomalar imzolash va IT-autsorsing sohasida Oʻzbekistonning raqamli va eksport salohiyatini rivojlantirishga taʼsir koʻrsatayotgan Amerika kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar oʻtkazishdan iborat.

Bu borada Amerika kompaniyalari asosiy hamkorlar hisoblanadi, chunki Oʻzbekiston IT-sohasi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa IT-xizmatlari eksportini yiliga 5 milliard dollarga yetkazish boʻlib, shundan 3 milliard dollari AQSh bozoriga toʻgʻri keladi.

IT Park va Raqamli texnologiyalar vazirligi Oʻzbekistonga yangi kompaniyalarni jalb qilish orqali ushbu vazifani bajarish boʻyicha faol ish olib bormoqda.

Oʻzbekiston-Amerika biznes forumi, Vashington

15-sentyabr kuni Vashingtonda har yili AQSh-Oʻzbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etiladigan “AQSh-Oʻzbekiston 2023” biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Forum ishtirokchilari orasida ikki mamlakat vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va investitsiya tuzilmalari rahbarlari, AKT, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi AQShning yirik korporatsiyalari rahbarlari bor edi.

Forum doirasida Sherzod Shermatov va Farhod Ibragimov “HP Inc.” kompaniyasining hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati boʻlimi boshligʻi Brittani Masalosalo bilan uchrashdilar.

Uchrashuvda tomonlar oʻrtasida ikkita muhim loyiha — “HP Live” va “HP Garage” boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Loyihalarni amalga oshirish doirasida “HP” kompaniyasi 7 yil davomida 500 mingga yaqin yosh oʻzbekistonlik yoshlarni zamonaviy va sifatli noutbuklar bilan taʼminlaydi. Tadbir Oʻzbekiston yoshlariga IT sohasidagi zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishda koʻmaklashish, shuningdek, IT-xizmatlarning Amerika bozoriga eksportini oshirishga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi hududida raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish hamda kasbiy ko‘nikma va malakalarini oshirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatga koʻra, “HP” oʻzbekistonlik talabalar uchun taʼlim dasturlarini ochish orqali Oʻzbekistonning mintaqaviy IT-markaziga aylanishiga yordam beradi.

Shuningdek, forum davomida “Toyota” kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi va Jahon banki vakillari bilan “Oʻzbekistonni raqamli tatbiq etish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlar toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Uning doirasida 25 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratish, 6 mingdan ortiq odamni oʻqitish va eksport hajmini $350 millionga oshirish rejalashtirilgan.

“Vatandoshlar” konferensiyasi, Filadelfiya

16-sentyabr kuni Filadelfiyada AQShdagi oʻzbek diasporasining IT sohasida faoliyat yuritayotgan vakillari ishtirokida “Vatandoshlar” konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “RTS Carrier Services”, “Cargo Prime Overseas”, “Data Truck”, “ETL Group”, “Ideal Trans”, “SilkRoad Tranz” va boshqa 40 dan kompaniyadan 80 nafar vakil ishtirok etdi.

Sherzod Shermatov Oʻzbekistonning IT-autsorsing sohasidagi salohiyatini ilgari surish maqsadida Amerika IT-kompaniyalari vakillari bilan B2B formatida uchrashuvlar oʻtkazdi.

Farhod Ibragimov bozordagi vaziyat va xorij kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlarni taqdim etdi. U Oʻzbekistonda IT-sohasini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, qulay investitsiya muhiti, soliq imtiyozlari, xorijiy kompaniyalarni jalb qilish dasturlari (jumladan, Zero Risk) va AQShdagi vatandoshlarning ushbu imkoniyatlardan foydalanish yoʻllari haqida soʻzlab berdi.

Uning taʼkidlashicha, rezidentlik maqomi barcha turdagi korporativ soliqlardan ozod qiladi. Xususan, norezidentlar 5-12 foiz korporativ soliq toʻlaydi, rezidentlar esa undan ozod qilingan. Norezidentlar uchun ijtimoiy soliq 12%, rezidentlar uchun 0%. Norezidentlar uchun daromad soligʻi 12%, rezidentlar uchun esa 7,5%. Norezidentlar uchun xizmatlar importi uchun QQS mavjud, norezidentlar uchun esa yoʻq.

Konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekiston bozorida ishlash boʻyicha oʻzlarining ijobiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar va yangi imkoniyatlar Oʻzbekistonda biznes yuritishni qanday osonlashtirgani haqida gapirdilar. Masalan, “One Cargo” kompaniyasi egasi Abdulaziz Abduhakimov IT Park’ka rezidentlar uchun 1 yil davomida har bir xodim uchun 7,5 foiz miqdorida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi kompensatsiyasini joriy etishni taklif qildi.

Tadbir aksariyat kompaniyalar vakillari Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini ochish va IT Park rezidenti maqomini olishga qiziqish bildirishdi.

“Uzbekistan is a New outsourcing destination” konferensiyasi, Ostin

17-sentyabr kuni Ostin shahrida BPO va IT-autsorsing sohasidagi yirik Amerika kompaniyalari vakillari ishtirokida “Uzbekistan is a new outsourcing destination” konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Ostin konferensiya oʻtkaziladigan joy sifatida tanlangani bejiz emas. Soʻnggi yillarda shahar IT sohasining jadal rivojlanishi tufayli mintaqaning yangi texnologik markaziga aylandi. Masalan, Tesla 2021-yilda oʻzining bosh qarorgohini shu yerga koʻchirdi.

Konferensiyada Amerikaning “Cognizant”, “Sutherland”, “Improving”, “Numerolic Technologies”, “IbridgeTech inc”, “Prudent Technologies”, “GlobalNowIT kompaniyalari vakillari”, shuningdek, Filadelfiyada boʻlib oʻtgan “Vatandoshlar” konferensiyasida ishtirok etib kelgan yurtdoshlarimizdan iborat 50 dan ortiq kishi ishtirok etdi.

IT Park Uzbekistan rahbari Farhod Ibragimov Oʻzbekiston yangi IT-autsorsing markaziga aylangani va respublikada BPO rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidladi.

U IT Park hozirda yirik global kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini, buning uchun barcha yechimlar va tegishli shart-sharoitlar, xususan, infratuzilma, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, xalqaro talablarga javob beradigan qonunchilik, ingliz tilini biladigan iqtidorli yoshlar, yuqori sifatli IT-taʼlim, erkin iqtisodiy zona, soliq va bojxona imtiyozlari va boshqa misli koʻrilmagan imtiyozlar mavjudligini taʼkidladi.

“Bizning rezidentlarimiz orasida Amerikaning eng yirik “EPAM Systems”, “Exadel”, “Vention”, “East Games”, “Itransition”, “Dyninno”, “Qulix” va “AMCBRIDGE” kompaniyalari bor. Mamlakatimiz yangi rezidentlarga tayyor va buning uchun zarur boʻlgan hamma narsani yaratib berdi”, — dedi IT Park rahbari.

IT Park Uzbekistan eksport boʻlimi rahbari Sultonmurod Rasulov BPO va IT-autsorsing salohiyati haqida taqdimot oʻtkazdi. Uning qayd etishicha, ayni paytda 1407 ta kompaniya rezident maqomiga ega boʻlib, ulardan 250 dan ortigʻi xorijiy kompaniyalardir. Mutaxassis, shuningdek, IT Park rezidentiga aylangan xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar 7,5 foiz miqdoridagi daromad soligʻidan tashqari barcha turdagi soliqlardan ozod qilinishini qoʻshimcha qildi.

Konferensiyada IT Parkning yangi tashabbusi — “Zero Risk” dasturi taqdim etildi. Ushbu dastur doirasida Oʻzbekiston hududlarida oʻz vakolatxonalarini ochgan xorijiy kompaniyalar yil davomida: bepul ish joylari, 50 dan ortiq xodim uchun texnik jihozlar, xodimlarning ish haqini qisman qoplash, xodimlar uchun mentorlik va xodimlarni boshqarish xizmatlari (HR) xarajatlarini kompensatsiya qilish imkoniyatlari taqdim etiladi.

“Unido Digital Media” nashriyotchisi, tahlilchisi va maslahatchisi Loren Moss joriy yilning iyul oyida boʻlib oʻtgan Digital Leadership Forumʼda qatnashganidan soʻng Oʻzbekiston haqidagi kuzatuvlari bilan oʻrtoqlashdi. U IT-mutaxassislarining yuqori malakasi, diplomatiyasi, xushmuomalaligi va tillarni oʻrganishga boʻlgan intilishini qayd etdi. Shuningdek, u Oʻzbekistonning qulay geografik joylashuvi, yuqori darajadagi xavfsizlik va yosh aholining ustunligi kabi afzalliklarini taʼkidladi.

Webster Global Site Selectors Phoenix kompaniyasi egasi Peyj Vebster oʻz nutqida Oʻzbekiston BPO va IT-autsorsing uchun yangi va noyob yoʻnalish ekanligini aytib oʻtdi. U mamlakatning mehnat salohiyati, malakali ishchi kuchining mavjudligi, rivojlangan telekommunikatsiya infratuzilmasi va xorijiy kompaniyalar uchun koʻchmas mulk mavjudligini alohida taʼkidladi.

Konferensiyada AQShning amaldagi IT Park Uzbekistan rezidentlari ham soʻzga chiqdilar: Elena Krukovskaya — Exadel Inc bosh direktori va Jon Patton — OneVizion bosh direktori. Ular koʻplab mamlakatlardagi barcha sharoitlarni sinchkovlik bilan tahlil qilib, oʻrganib, rezident boʻlishganini va Oʻzbekistonni tanlab, toʻgʻri qaror qabul qilishganini taʼkidladilar.

“TechCrunch Disrupt 2023” ko‘rgazmasi, San-Fransisko

19-sentyabr kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Qozog‘iston, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston va Tojikistonning qo‘shni hublari bilan birgalikda yilning eng kutilgan texnologik tadbiri — “TechCrunch Disrupt 2023“ ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

“TechCrunch Disrupt” — startap hamjamiyatining yetakchi xalqaro tadbirlaridan biri boʻlib, har yili butun dunyo boʻylab tadbirkorlar, investorlar va jurnalistlarni texnologiya olamidagi soʻnggi tendensiyalar va innovatsiyalarni muhokama qilish uchun birlashtiradi.

Tadbirning asosiy qismi Expo boʻlib, Oʻzbekiston stendi oldida IT-soha vakillari yigʻilib, mamlakatda BPO va IT-autsorsingni rivojlantirish boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, startaplar bilan uchrashuv o‘tkazib va mintaqadagi startap va venchur ekotizimlari rivoji bilan tanishdilar.

Tadbirda  IT Park rezidentlari – “IMAN”, “Mohirdev” va “Workly” kabi kompaniyalari stendlari namoyish etildi. Ko‘rgazmada IT Park nomidan “MyID” va “Pastoral” startaplari vakillari ham ishtirok etdi.

Bu O‘zbekiston texnologiya sektoridagi o‘sish va innovatsiyalar salohiyatini, shuningdek, mahalliy va xalqaro investorlarning mamlakat startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, delegatsiya “Raqamli asrda Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishi”  nomli panel sessiyasida ham ishtirok etdi. Muhokama ko‘pchilikning e’tiborini tortdi va asosiy ekspertlar: IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov, Qozogʻiston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri oʻrinbosari Asqar Jambakin, IDDA (Ozarbayjon) raisi vazifasini bajaruvchi Inara Valieva, “Silkroad Innovation Hub” asoschisi va bosh direktori Asset Abdullaevlar ishtirok etdi.

Abdulahad Kuchkarov O‘zbekistonni BPO va IT-autsorsing uchun yangi markaz sifatida taqdim etib, yangi strategik yondashuv –   mamlakatda xorijiy tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va  ularning ish yuritishni sezilarli darajada osonlashtira oladigan “Zero Risk” dasturi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, u O‘zbekistonning mehnat salohiyatini ochib berib, yosh IT iqtidorlari orasida ingliz tilini bilish darajasi, soliq imtiyozlari va boshqa ko‘p ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Panel sessiya yakunida “Softeq Ventures” venchur fondi IT Park Uzbekistan bilan uchrashuv o‘tkazib, mamlakatning rivojlanib borayotgan texnologiya sektoriga kirib kelayotgan salohiyatli investitsiya imkoniyatlarini muhokama qildi. “Softeq Ventures” istiqbolli startaplarga sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi. Ikkala tomon ham O‘zbekistonda texnologiya sanoati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlik qilish va tajriba almashishga kelishib oldilar.

20-sentyabr, “Expo”ning ikkinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida kelgan barcha startaplar pitching-sessiyalarini o‘tkazdilar va salohiyatli  investorlarga o‘z loyihalarini taqdim etdilar.

Shuningdek, shu kuni Kremniy vodiysi markazidagi– Palo-Alto shahrida AQShdagi hamyurtlarimiz bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir norasmiy va yuqori kayfiyatda boshlanib, yig‘ilganlar orasidagi yoshlar bilan iliq suhbat tarzida davom etdi. Tadbirda turli kompaniyalarning 70 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Qatnashuvchilarga O‘zbekiston yangi IT-autsorsing markazi sifatida tanishtirildi. Tadbir so‘nggida qatnashchilar uchun milliy taom tayyorlanib taqdim  etildi.

2023-09-22