2024-yilning 12-15-fevral kunlari vazir Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Dubay shahrida bo‘lib turibdi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ishbilarmonlik muzokaralari o‘tkazish va “World Governments Summit” xalqaro forumida ishtirok etish.
13-fevral kuni vazir va IT Park vakillari tarkibidagi delegatsiya “Tafaseel BPO” kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Ayman Fadl bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekistonda “Tafaseel BPO” kompaniyasining ofisini ochish imkoniyati muhokamaning asosiy masalasi bo‘ldi.
“Tafaseel BPO” — 2011-yilda tashkil etilgan, biznes jarayonlari autsorsingi bo‘yicha yetakchi kompaniya bo‘lib, 1000 dan ortiq xodim va $10 milliondan ortiq daromadga ega. Kompaniya 13 ta tilda mavjud bo‘lgan IT, marketing, texnik qo‘llab-quvvatlash, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, moliya, inson resurslari, logistika va boshqa ko‘plab xizmatlarni taqdim etadi. Korxona Misr, BAA va bir necha Yaqin Sharq mamlakatlarida sho‘ba kompaniyalariga ega.
Uchrashuvda janob Ayman kompaniya faoliyatini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi. U O‘zbekistonda global IT-biznesni yuritish uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlarni yuqori baholadi. IT Parkning “Zero Risk” va “Regional Headquarter” kabi qo‘llab-quvvatlash dasturlari alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi, bu esa kompaniyalarga respublika bozoriga hech qanday xatarlarsiz kirish imkonini beradi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, “Tafaseel BPO” kompaniyasi rahbarlari 2024-yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Offshore Outsourcing Tour” tadbirida ishtirok etadilar, shuningdek, Respublika orqali global biznes yuritish uchun “Zero Risk” dasturidan foydalangan holda O‘zbekistonda ofis ochishni rejalashtirishmoqda.
O‘zbekistonda “Tafaseel BPO” kompaniyasi ofisining ochilishi global IT-autsorsingni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ladi. Ushbu strategik qadam nafaqat IT-eksport hajmini $5 milliardga yetkazish bo‘yicha rejalarni mustahkamlabgina qolmay, balki mahalliy yoshlarni ish bilan ta’minlash, o‘zbek mutaxassislarining jahon sahnasidagi sifat va raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
2024-02-15