Ayollar uchun “Digital Internship Program” dasturi start oldi

Toshkentda yangi “Digital Internship Program” (DIP) loyihasi – IT sohasi bitiruvchilari va boshlang‘ich bosqichdagi yosh mutaxassislar uchun amaliyot dasturi ishga tushirildi. 

DIP – Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT-Park, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda BMTTDning qoʻshma tashabbusi boʻlib, fuqarolar, ayniqsa ayollar raqamli tadbirkorlik ko'nikmalarini, raqamli vositalarni shakllantirish, qulay muhit yaratish orqali yosh ayollar o'rtasida IT yoʻnalishidagi kasblarni ommalashtirishga qaratilgan.

Tadbirda DIP loyihasi kuratori Muyassar Shermatova, IT-Park xodimlar bilan ishlash boʻyicha menejerlar Zafar Mirsamadov va Shaxnoza Amirxanova hamsa kelgusida ishga joylashish imkoniyati bilan yosh mutaxassislarni amaliyot oʻtash uchun qabul qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan IT-kompaniyalar, shuningdek, DIP dasturi uchun tanlovdan o‘tgan nomzodlar ishtirok etdi.

Muyassar Shermatova ishtirokchilarga dasturning asosiy yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi, kadrlar bo‘limi mutaxassislari esa o‘z orzusidagi ishga joylashish uchun intervyuda o‘zini qanday tutish kerakligi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Shundan so‘ng IT-kompaniyalar rahbarlari korxonalar faoliyati va mehnat sharoitlari haqida so‘z yuritdilar.

Tadbir dasturida norasmiy qism — pizza party ham o‘rin olgan bo‘lib, uning davomida loyiha ishtirokchilari oʻzaro fikr almashdilar.

Eslatib o'tamiz, nomzodlarni saralash 2 bosqichdan iborat bo'ldi: birinchi bosqichda umumiy va tor profil yo'nalishidagi test topshiriqlari;  ikkinchisi IT-Park va IT-kompaniyalar ishtirokida intervyu shaklida o'tkazildi.

2022-11-07