Aytishnik hikoyasi: 20 yoshda oyiga $1000 topish bu haqiqat!

Hikoyamizning bugungi qahramoni asli samarqandlik Doston Ishanov. U 20 yoshda. Yosh bo‘lishiga qaramay, uning yelkasida bir nechta muvaffaqiyatli amalga oshirilgan startaplar bor.

Doston IT sohasiga 2021-yilda kirib keldi. Aynan o‘shanda u robototexnika bo‘yicha kurslarni o‘rganish uchun Samarqand viloyati IT Park filialiga kelgan. Uch oy o‘tgach esa u o‘zining ilk startap loyihasini ishga tushirdi.

Yosh mutaxassisning tirishqoqligi va mehnatsevarligi e’tibordan chetda qolmadi: robototexnika asoslarini o‘rganishga kirishganidan olti oy o‘tgach, Doston “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovida o‘z loyihasi bilan ishtirok etdi va TOP-10 talikka kirdi.

Hozirda Doston Xitoyda onlayn formatda tahsil olish bilan birgalikda IT Park Samarqand filialida robototexnika boʻyicha dars bermoqda. Yosh murabbiyning 50 nafar shogirdi bor.

Doston IT Park Samarqand filialida ishlagan vaqtida 2021-yil fevral oyida S.W.A.T group (Smart World Access Technology) loyihasini ishga tushirdi va uning rahbariga aylandi.

14 kishidan iborat jamoa ayni paytda axborot texnologiyalari, robototexnika, mexatronika, sxemotexnika, dasturlash va 3D modellashtirish yo‘nalishlarida yangi startap loyihalar ustida ishlamoqda.

Jamoa tomonidan amalga oshirilgan loyihalar qatoriga “Alko tester”, “Yuqori texnologiyalar muzeyi”, “Utility SS99 robot”, “Aqilli hassa”, “Arm Robot”, “Gaz detektori”, “Gid robot”, “Robot lab.” , " Suv osti roboti", "I.B.K uz", "Women Union" va boshqa ko‘plab loyihalar kiradi.

Doston xalqaro “Singapore AUV Challenge”da ishtirok etish arafasida va hozirda o‘z loyihasi ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, u Turkiyada bo‘lib o‘tadigan “Technofest-2022” xalqaro tanlovida ham qatnashadi.

Doston ham murabbiy sifatida, ham o‘z loyihalari ustida astoydil ter to‘kmoqda. Bugungi kunda u oyiga 1000 dollar atrofida pul topadi.

2022-05-13