Bilkent CYBERPARK va IT Park Uzbekistan Turkiya va O‘zbekiston IT-sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

24-26 iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Uzbekistan-Türkiye Business Forum” tadbiri arafasida Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan “Bilkent CYBERPARK” bosh direktori Faruk Inaltekin mamlakatimizga amaliy tashrif bilan keldi.

“Bilkent CYBERPARK” — Turkiyaning eng yirik texnoparklaridan biri boʻlib, maydoni qariyb 135 000 m2 ni tashkil etadi, u turli sohalardagi 300 dan ortiq yetakchi ilmiy-tadqiqot kompaniyalarini, shuningdek, 4 ta tadqiqot markazi, 1 ta mikronanochip ishlab chiqarish zavodini oʻzida birlashtiradi. Texnoparkda 5400 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv doirasida Faruk Inaltekin biznes-forumga tayyorgarlik jarayoni haqida batafsil maʼlumot berdi, shuningdek, vazir va IT Park Uzbekistan vakillarini tadbirda ishtirok etishga taklif qildi.

IT Park Uzbekistan vakillari erishilgan natijalar va tashkilotning faoliyat shakli, IT-kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari va mamlakatning kadrlar salohiyati haqida maʼlumot berishdi. Janob Faruk IT Park Uzbekistan ekstra hududiy rezidentlik yondashuvining moslashuvchanligi va innovatsionligini taʼkidladi — kompaniyalar ofis ochish va oʻz faoliyatini yuritish uchun texnoparkning joylashuvini hisobga olishlari shart emas. Tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik va tajriba almashish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, “Bilkent CYBERPARK” vakili Turkiyaning yirik texnologik kompaniyalarini “Global Business Services Forum” tadbiriga taklif qilishni rejalashtirmoqda, bu esa Turkiya korxonalarining Oʻzbekiston bozoriga va kelgusida hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga boʻlgan qiziqishining yuksakligidan dalolat beradi. Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan rezidentlari “Uzbekistan-Türkiye Business Forum”da ishtirok etib, turk kompaniyalari vakillari uchun oʻz mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etadilar.

Uchrashuv yakunida janob Faruk, global korporatsiyalar bilan investitsiyalar, bank, konsalting va boshqa sohalardagi xalqaro hamkorlik katalizatoriga aylanadigan “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markaziga qoʻshilishga ham qiziqish bildirdi.

Shuningdek, “Uzinfocom” Yagona integratori jamoasi Faruk Inaltekinga davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohasidagi oʻz mahsulotlari — “MyGov” platformasi, “MyID” biometrik identifikatsiya tizimi va boshqalarni taqdim etdi. “Bilkent CYBERPARK” bosh direktori davlat sohasida raqamli ekotizimning yetuklik darajasini qayd etib, bu borada tajriba almashishga qiziqish bildirdi.

2024-07-04