BMT FAO Fargʻona vodiysida “Digital Villages Camp” dasturini ishga tushirdi

27-sentyabr kuni BMT FAO (BMTʼning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti) IT Park koʻmagida Fargʻona vodiysining yosh aholisi uchun Oʻzbekistonda “Digital Villages Camp” taʼlim dasturini ishga tushirdi.

Ushbu innovatsion dastur oʻquv jarayoni orqali ishtirokchilarni aqlli qishloq xoʻjaligi uchun Narsalar Interneti (Internet of Things, IoT) asoslari bilan tanishtirishga qaratilgan. Dastur 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yosh ishtirokchilarga moʻljallangan. Dasturga ariza topshirgan 90 kishidan 25 nafari tanlab olindi.

Besh hafta davomida talabalar ochiq kodli yechimlardan foydalangan holda dasturlash va issiqxonalar va tomorqa maydonlari uchun moʻljallangan aqlli qurilmalar — datchiklarni yigʻish boʻyicha zarur bilim va tajribaga ega boʻladilar.

Oʻquv jarayoni IT Park sinf xonalaridan ancha uzoqda bo‘lib o‘tadi. Talabalar dala sharoitida koʻproq vaqt oʻtkazishadi va dastur doirasida yaratilgan qurilmalar haqiqiy issiqxonalarda sinchkovlik bilan sinovdan oʻtkazilib, Fargʻona vodiysidagi kichik fermerlarning oʻziga xos ehtiyojlariga moslashtiriladi.

Ishtirokchilar ushbu qurilmalarni Telegram-botga ulashni oʻrganadilar, bu esa fermerlarga oʻz mobil qurilmalariga real vaqt rejimida bildirishnomalar olish hamda sugʻorishni oʻz vaqtida yoqish yoki issiqxonani ventilyatsiya qilish toʻgʻrisida ongli qaror qabul qilish imkonini beradi.

Ushbu dastur BMT FAO tomonidan tashkil etilgan global tashabbus — “Digital Villages Initiative” ning bir qismidir. “Digital Villages Initiative” tashabbusi butun dunyo boʻylab 1000 dan ortiq qishloq jamoalarini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini koʻpaytirish, qishloq hududlarida xizmatlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq aholisining turmush darajasini oshirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali transformatsiya qilishga qaratilgan.

2023-09-29