Butkemplar va Digital Startups Week mahorat darslari natijalari

2-6-dekabr kunlari Raqamli startaplar haftaligi doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan bir qator butkemplar va foydali mahorat darslari o‘tkazildi. Talabalar va startap asoschilari kengaytirish va global bozorlarga chiqish strategiyalari bilan tanishdilar.

Jami 6 ta ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, ularda 150 nafarga yaqin talaba, startap asoschilari va investorlar ishtirok etdi.

Student Startup Bootcamp Scaling Startups: From Strategy to Global Impact

2-dekabr kuni IT Park Uzbekistanda “Plug and Play” hamda Toshkentdagi INHA universiteti bilan hamkorlikda “Student Startup Bootcamp” tashkil etildi. Maqsad — yosh tadbirkorlarga kengaytirish strategiyasini ishlab chiqish va loyihalarini xalqaro bozorga chiqarishga tayyorlashda yordam berishdan iborat. Tadbirda 20 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Martin Gikov startaplar uchun moliyaviy modellar yaratish haqida so‘zlab, xarajatlarni boshqarish, daromadlarni bashorat qilish va uzoq muddatli muvaffaqiyat uchun strategik rejalashtirish muhimligini ta’kidladi.

Tsovinar Sofi Babayan startaplarga daromad olishning samarali modellarini, jumladan, obuna xizmatlari, freemium va foydalanish uchun to‘lov tizimlarini taqdim etdi. Shuningdek, u foyda olishning innovatsion yondashuvlarini ko‘rib chiqib, ishtirokchilarga mahsulotning bozorga mosligini ta’minlash va mijozlarni saqlab qolish masalasiga ijodiy yondashishni tavsiya etdi.

Yaroslav Dudko investorlarni izlash bo‘yicha sessiya o‘tkazdi, muvaffaqiyatli pitching va moliyalashtirish bosqichlarining sirlarini ochib berdi, hamda investorlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni o‘rnatish bo‘yicha maslahatlar berdi. U investitsiya taqdimotini tayyorlash, moliyalashtirishning turli bosqichlarini tushunish va venchur investorlar hamda biznes farishtalar bilan muzokaralar olib borish bo‘yicha amaliy qadamlarni tushuntirdi.

Competitive analysis Workshop

3-dekabr kuni IT Park Uzbekistanda tajribali tadbirkor, “Sug‘urta Bozor” hammuassisi va bosh direktori Azizbek Qurbonov “Raqobatchilar tahlili” mavzusida mahorat darsi o‘tkazdi.

Mahorat darsida Azizbek raqobat muhitini tahlil qilish va raqobatning turli shakllarini aniqlashning samarali strategiyalarini ko‘rib chiqdi. U ishtirokchilarga o‘sish imkoniyatlarini ochishga yordam beradigan amaliy vositalarni taqdim etdi.

Seminarga 20 nafar ishtirokchi tashrif buyurdi. Ular dinamik bozorlarda muvaffaqiyatga erishish uchun o‘z bizneslarini qanday joylashtirishni o‘rgandilar. Sessiya yakunida ular ma’ruzachiga qiziqtirgan savollarini berishdi.

Venture Investments for Funds Workshop

4-dekabr kuni IT Park Uzbekistanda venchur investitsiyalari va korporativ innovatsiyalarda ulkan tajribaga ega bo‘lgan “Plug&Play” akseleratori eksperti Kristofer Polligkeytning venchur fondlari, davlat va xususiy banklar menejerlari uchun mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.

Vorkshopda “Plug and Play” eksperti innovatsion loyihalar bilan ishlashning sinovdan o‘tgan usullari va yondashuvlarini taqdim etdi hamda butun dunyo bo‘ylab eng yaxshi tajribalar bilan o‘rtoqlashdi. Ishtirokchilar investitsiya strategiyalari, startaplarni to‘g‘ri baholash va investitsiyalash jarayonlarini muhokama qildilar.

Data Room for Investors Workshop

IT Park Uzbekistanning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va xalqaro investorlar bilan hamkorlik qilishga qaratilgan ta’lim tashabbusi doirasida “Plug and Play” akseleratori eksperti Kristofer Polligkeyt Amity universitetida maxsus mahorat darsi o‘tkazdi. Seminarda 20 nafardan ortiq kishi qatnashdi.

Mazkur tadbir talabalar, yosh tadbirkorlar va startap asoschilarini birlashtirdi, ularga qimmatli bilim va tushunchalar olish uchun noyob imkoniyat yaratdi. Kristofer ikkita asosiy mavzu bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi: “Qanday qilib intizomli tadbirkor bo‘lish mumkin: muammo, mijoz, yechim” va “Venchur fondlarining kutilmalarini tushunish — haqiqatan ham nima muhim”.

Kuchli jamoani shakllantirish, moliyaviy oqimlarni boshqarish va aniq o‘sish strategiyasini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tadbir nafaqat ta’lim platformasi, balki muvaffaqiyatli biznes qurishga intilayotgan yosh iste’dodlar uchun ilhom manbai ham bo‘ldi.

How Corporations Can Foster Innovation and Partner with Startups Workshop

4-dekabr kuni IT Parkda “Plug and Play” kompaniyasining korporativ hamkorliklar bo‘yicha katta menejeri Alfredo Gomes Soria va Yevropa innovatsiya kengashining investitsiyalar bo‘yicha elchisi Viktoriya Ernandes tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi.

Mahorat darsida “Aloqabank”, “Agrobank”, “ASIA ALLIANCE BANK”, “Biznesni rivojlantirish banki”, “DAVR BANK”, “Hamkorbank”, “Trustbank”, “ORIENT FINANS”, “KDB Bank Uzbekistan”, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston havo yo‘llari, O‘zbekiston temir yo‘llari, O‘zbekneftgaz, “Euroasia Insurance”, “UMS”, “Ucell”, “Uzbektelekom” va “Ustabor.uz” kompaniyalarining 30 dan ortiq mutaxassislari ishtirok etdi.

Alfredo Gomes startaplar bilan hamkorlikning muhimligini ta’kidladi. U fondlar va startaplarning o‘zaro hamkorligi bo‘yicha muvaffaqiyatli misollar keltirdi hamda Demo, PoC va Pilot loyihalarining farqlarini tushuntirib berdi. Jamoani to‘g‘ri tanlash, muvaffaqiyatni baholash va startaplarni kuzatib borish, shuningdek, qay holatlarda startap bilan hamkorlikni to‘xtatish kerakligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Viktoriya Ernandes “EIC” va “EIC Scaling Clubs” dasturlari, korporatsiyalarda innovatsion madaniyatni shakllantirishning asosiy yondashuvlari, korporatsiyalar va startaplar o‘rtasidagi hamkorlikning muvaffaqiyatli modellari haqida so‘zladi, shuningdek, startap yechimlarini joriy etishning real muvaffaqiyat tarixi bilan o‘rtoqlashdi.

“EIC” — bu voqealarni o‘zgartiruvchi ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni izlash, ishlab chiqish va kengaytirishga qaratilgan Yevropaning yetakchi innovatsion dasturidir.

Student Startup Bootcamp: Achieving Product Market Fit & Attracting Investors

Yakunlovchi tadbir sifatida 6-dekabr kuni “U-Enter” kompaniyasida talabalar uchun butkemp tashkil etildi. Pavel Sikachev va Pyotr Servin mahsulotning bozorga mosligi va investorlar uchun qiymat yaratish uchun nima zarurligini tushuntirib berdilar.

Butkemp doirasida 50 dan ortiq ishtirokchi mahsulotning bozorga mukammal mosligini qanday aniqlash va unga erishish haqida bilim oldilar, mahsulotni mijozlar ehtiyojlari va bozor talablariga moslashtirish strategiyalari bilan tanishdilar, investorlarni jalb qiladigan qiymat takliflarini tuzishni o‘rgandilar va barqaror o‘sish uchun kapital jalb qilishning amaliy yondashuvlarini o‘zlashtirib oldilar.

O‘tkazilgan butkemplar va mahorat darslari ishtirokchilarni amaliy bilimlar, kengaytirish strategiyalari va investorlar bilan samarali hamkorlik qilish vositalari bilan ta’minlab, startap ekotizimini rivojlantirishga qimmatli hissa qo‘shdi. IT Park O‘zbekistonning jahon texnologik maydonidagi o‘rnini mustahkamlash va global iqtisodiyotda mahalliy startaplarning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida xalqaro ekspertlar, yetakchi kompaniyalar va yosh innovatorlarni birlashtirish ishlarini davom ettirmoqda.

7-dekabr kuni Raqamli startaplar haftaligi doirasida yakuniy tadbirlar — “IT Park Ventures” venchur fondining tantanali ochilishi, “Digital Startups” dasturi taqdimoti, “Startup Base” platformasining ishga tushirilishi, shuningdek, “President Tech Award” ikkinchi to‘lqinining uzoq kutilgan grand-finali o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2024-12-07