Chegarasiz IT-autsorsing: O‘zbekiston kompaniyalari AQSh bozoriga chiqishga tayyorlanmoqda

10-fevral kuni IT Park Uzbekistan filialida rezident IT-autsorsing kompaniyalarining Amerika bozoriga chiqishiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida IT Park Uzbekistan hamkori bo‘lgan Silikon vodiysidagi startaplar va IT-kompaniyalar uchun yetakchi akselerator va hamjamiyat markazi — “Silkroad Innovation Hub”ning “SCALE2US: IT Outsourcing Bootcamp” dasturi taqdim etildi.

Seminarda “Unicon Soft”, “Abbee Solutions”, “Greatsoft”, “Usoft”, “Insane Group”, “Qulix”, “UIC”, “Smart Chatbot”, “Berocker”, “Top Content”, “Udevs”, “Proximaops”, “Everbestlab”, “Progress solution”, “Cloud Solution”, “Innovation Line”, “AI Implementation Group”, “Nomadian”, “Coming Studio”, “Consort Group”, “Profibook”, “Insoft”, “Jett”, “Cradle”, “Mimsoft” kabi kompaniyalar va tadbirning boshqa mehmonlari ishtirok etdilar.

Bu nima uchun muhim?

“SCALE2US” dasturi Markaziy Yevroosiyodagi IT-autsorsing kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, ularga AQSh bozoriga chiqishda, samarali savdo strategiyalarini o‘zlashtirishda va potensial mijozlar bilan aloqalar o‘rnatishda yordam beradi.

Seminar doirasida ishtirokchilar quyidagilarni muhokama qildilar:

  • IT-autsorsingning turli modellari (onshore, nearshore, offshore) va ularning afzalliklari;
  • AQSh bozoriga chiqishdagi asosiy to‘siqlar va ularni bartaraf etish yo‘llari;
  • AQShda muvaffaqiyatli kengaygan kompaniyalarning tajribalari;
  • Bootcamp dasturining tuzilishi va mazmuni: huquqiy jihatlardan tortib marketing va sotuvlargacha.

Seminarning asosiy xulosalari

Shimoliy Amerika — $290 mlrd aylanmasi bilan IT-autsorsingning eng yirik bozoridir.

Autsorsingning asosiy omili nafaqat xarajatlarni kamaytirish, balki malakali kadrlarga ega bo‘lishdir.

Markaziy Yevroosiyo kompaniyalari raqobatbardosh ustunliklarga ega: mutaxassislarni tayyorlashning yuqori darajasi va xalqaro bozorga nisbatan qulay ish haqlari. Biroq netvorking imkoniyatlarining yetishmasligi va konsalting xizmatlarining yuqori narxi asosiy to‘siqlar bo‘lib qolmoqda.

Bootcamp dasturi nimalarni o‘z ichiga oladi?

Dastur 10 nafar dasturchi, xalqaro bozorlarda ishlash tajribasi va kuchli texnik jamoaga ega IT-kompaniyalar va IT-autsorsing firmalariga mo‘ljallangan.

Dasturda:

  • savdo va marketing bo‘yicha onlayn ta’lim;
  • AQShdagi mijozlar bilan amaliy ish olib borish;
  • Aloqalar o‘rnatish va o‘rganish uchun Silikon vodiysiga tashrif buyurish.

Dasturda ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ariza topshirishingiz mumkin (muddat 2025-yil 15-mart): scale2us.com

IT Park Uzbekistan o‘z rezidentlari uchun xalqaro imkoniyatlarni rivojlantirish, biznesni kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish uchun sharoitlar yaratishda davom etmoqda. “SCALE2US” dasturi bo‘yicha seminar IT-autsorsing kompaniyalarini Amerika bozorini o‘zlashtirishga tayyorlashda muhim qadam bo‘ldi va yetakchi mutaxassislar bilan tajriba almashish ishtirokchilarga global ekotizimga integratsiyalashuv jarayonini tezlashtirishda yordam beradi.

2025-02-11