CISC delegatsiyasi IT Parkga tashrif buyurdi

15-iyul kuni Yaponiya axborotlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik markazi (СIСС — Centre of international cooperation of computerization) delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Axborot texnologiyalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonini batafsil o‘rganish maqsadida CICC ijrochi direktori va bosh menejeri 18-iyul kuni IT Parkga tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida delegatsiya tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, mehmonlar IT Park infratuzilmasi bilan tanishtirilib, ularga startaplarni rivojlantirish va IT-kompaniyalar uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalarni qo‘lga kiritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘zlab berildi.

Tomonlar Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Natija o‘laroq, Yaponiya delegatsiyasi yapon tilini biladigan BPO-mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etishni ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bundan tashqari, CICC vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Yaponiyaning qator  kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Tomonlar bildirilgan takliflarni muhokama qilish maqsadida o‘zaro murojaat uchun kontaktlari bilan almashdilar.

Ma’lumot uchun:

CICC 1983-yil iyun oyida tashkil etilgan. 2013-yil aprel oyida u umumiy aksiyadorlik fondiga aylantirildi. CICC rivojlanayotgan mamlakatlarda va dunyoning boshqa mintaqalarida IT-dan foydalanishni keng yoyishga qaratilgan qator hamkorlik va qoʻllab-quvvatlash dasturlarida faol ishtirok etadi.

Ushbu faoliyatni samarali targʻib qilish uchun CICC Yaponiya va boshqa mamlakatlardagi hukumatlar, akademik doiralar, sanoat va jamoalar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi.

2022-07-19