26-sentyabr kuni “U-ENTER Innovation Center” innovatsion markazida “ICT Week Uzbekistan 2025” doirasida “Activat VC”, IT Park Uzbekistan, “IT Park Ventures” va “U-Enter” tomonidan tashkil etilgan “Clash of Startups: Tashkent” — keng ko‘lamli startaplar musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Markaziy Osiyolik startap asoschilari uchun noyob maydonga aylandi. Unda ishtirokchilar o‘z loyihalarini investorlar va ekspertlarga taqdim etish, professional fikr-mulohaza olish, shuningdek, biznesni rivojlantirish va kengaytirish uchun yangi strategik aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Jami 133 ta startap ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 11 tasi hakamlar hay’ati va investorlar oldidagi pitch-sessiyalari uchun saralab olindi. Ishtirokchilar qat’iy mezonlarga javob berishlari lozim edi: kamida MVP yoki ishlaydigan prototipning mavjudligi, kamida ikki kishilik jamoa, ingliz tilida tayyorlangan pitch deck, shuningdek, rivojlanish ko‘rsatkichlari.
Loyihalarni venchur bozorining yetakchi ekspertlari baholadilar:
Gamze Demir — “Domino Ventures” investitsiya hamkori
Baxt Niyozov — biznes farishta, “Falconry Capital” investitsiya kompaniyasi asoschisi va rahbari
Pavel Koktishev — “MOST Holding” bosh direktori
Nada Shahin — “GB Ventures” boshqaruvchi hamkori
Abbos Kazmi — “SABAH.Fund” hammuassisi va boshqaruvchi hamkori
Musobaqa natijalariga ko‘ra, quyidagilar g‘olib deb topildi:
MoonAi ($25 000) — odatiy jarayonlarni “AI-xodimlar” bilan almashtirib, mijozlar bilan munosabatlarni o‘zgartiradi. Kompaniya yechimlaridan allaqachon 100 dan ortiq korxonalar foydalanmoqda.
GetMobi ($15 000) — foydalanuvchilarga smartfonlar orqali moliyaviy imkoniyatlar va ishonchni shakllantirishga yo‘l ochadi.
Femmy ($10 000) — 10 000 nafardan ortiq ayollarni qamrab olgan O‘zbekistonning tez rivojlanayotgan femtech loyihasi.
“Clash of Startups” o‘tkazilishi mintaqaning venchur ekotizimini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Bunday tashabbuslar tufayli yosh jamoalar o‘zlarini namoyon etish, global investorlar e’tiborini jalb qilish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun hamkorlar topish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. IT Park Uzbekistan mamlakat va Markaziy Osiyoda startaplarning o‘sishi va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoit yaratishni davom ettiradi.
Tadbirning axborot hamkorlari: Aniq.uz, Daryo.uz, Frank.uz, Kursiv, Nova 24, The Tech, UzbekFintech, Weproject, Vzglyad.uz va Oriat Dono radiostansiyasi.
2025-09-29