IT Park vakillari “Comarch” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda ofis ochish istiqbollarini muhokama qildilar. Muzokaralarda “Comarch Middle East FZ LLC Telco” ijrochi direktori Martin Kammer va savdo bo‘yicha direktori Samir Xermassi ishtirok etdi.
“Comarch” — 1993-yilda asos solingan, Polshaning Krakov shahrida joylashgan xalqaro dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi va tizim integratori hisoblanadi. “Comarch” telekommunikatsiya, moliya, bank, xizmat ko‘rsatish sohasi va davlat boshqaruvi organlari kabi sohalarda xizmatlar taqdim etadi. “Comarch” 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va 60 ta sho‘ba korxonasiga ega. Hozirda kompaniyada 6425 nafar xodim ishlaydi, kompaniyaning yillik daromadi 460,9 million dollarni tashkil qiladi.
Uchrashuv davomida “Comarch” vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, mamlakatning investitsion jozibadorligini, ayniqsa, inson kapitali borasidagi imkoniyatlarini alohida ta’kidladilar. Kompaniya MENA mintaqasida faol rivojlanmoqda va Markaziy Osiyoni o‘sish uchun istiqbolli bozor sifatida baholamoqda.
IT Park vakillari O‘zbekistonda ishlashning afzalliklari, jumladan, biznes va mutaxassislar uchun qo‘llab-quvvatlovchi ekotizim haqida ma’lumot berishdi. Xususan, O‘zbekiston tomoni “Zero Risk” dasturi doirasidagi imkoniyatlarni, shuningdek, xavf-xatarlarni kamaytirish va xalqaro kompaniyalar uchun muvaffaqiyatli faoliyatni yo‘lga qo‘yish imkonini beruvchi IT Park rezidentligi maqomining afzalliklarini taqdim etdi.
“Comarch” bilan potensial hamkorlik O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda texnologik va biznes tashabbuslari uchun yangi imkoniyatlar ochadi. “Comarch” vakillarining tashrifi O‘zbekiston va axborot texnologiyalari sohasidagi jahon yetakchilari o‘rtasida sheriklik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. IT Park xalqaro kompaniyalarni jalb etishni davom ettirmoqda, ularga mamlakat hududida samarali faoliyat yuritish va rivojlanish uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda.
2024-12-16