“Computer vision AI challenge” xakatoni natijalari e’lon qilindi

24-26-iyun kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha hakaton bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.

Xakatonda qatnashish uchun O‘zbekiston bo‘ylab jami 290 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 50 foizi viloyatlar, qolgan 50 foizi poytaxt aholisi bo’ldi.

Ishtirokchilar orasida:
 • 63% dasturchilar
 • 26% menejerlar
 • 11% dizaynerlar.
Ulardan 48 dan ortiq jamoa tuzilib, 39 tasi hakatonning final bosqichiga yo‘l oldi.

Musobaqa doirasida tanlov ishtirokchilari o‘z loyihalarida sun’iy intellekt va computer vision texnologiyasidan foydalangan holda mahsulot prototipini yaratishlari va mavjud muammoga yechim topishlari kerak edi.

G’oliblar:
 1-o‘rin — “AKIRA” jamoasi (Computer vision va sun’iy intellekt yordamida chiqindilarni saralashni avtomatlashtirish);
 2-o‘rin — “Neural Hardwork” jamoasi (avtomobilni tanib olishning maxsus tizimi);
 3-o‘rin – “Imperiya” jamoasi (surdo-tarjimon).

Xakatonda ishtirok etish orqali tanlov ishtirokchilari o‘z loyihalarini amalga oshirish va IT-mutaxassislar yordamida MVP ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo’ldilar. Bundan tashqari, musobaqa o’zaro fikr va tajriba almashish maydoniga aylandi.

Uchta eng yaxshi loyiha texnika sovg’alari bilan taqdirlandi.

2022-06-28