“Concentrix” kompaniyasiga O‘zbekistonning autsorsing sektori taqdim etildi

IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya dunyodagi yirik autsorsing kompaniyalaridan biri bo‘lgan Concentrix” kompaniyasining Turkiyadagi ofisiga tashrif buyurdi. “Concentrix” 20 yildan ortiq vaqt oldin tashkil etilgan bo‘lib, 6 ta qit’a va 70 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi, butun dunyo bo‘ylab 2000 dan ziyod mijozlarga, jumladan “Fortune Global 500” ro‘yxatidagi mashhur brendlarga keng ko‘lamli xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Tashrif chog‘ida IT Park vakillari EMEA mintaqasi bo‘yicha tijorat direktori Arzu Tekkin va EMEA mintaqasida biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Mark Kandiyoti bilan uchrashdilar. Muzokaralar davomida IT Park Uzbekistan mamlakatning global autsorsing sanoatida asosiy ishtirokchi sifatidagi o‘sib borayotgan salohiyatini ta’kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro kompaniyalar uchun qulay biznes muhitini yaratishga qaratilgan davlat tashabbuslarini, shu jumladan soliq imtiyozlari va tobora ko‘payib borayotgan IT-mutaxassislar salohiyatini yoritdi. “Concentrix” vakillari O‘zbekistonda o‘z faoliyatlarini kengaytirishning afzalliklari, jumladan, mamlakatning strategik joylashuvi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan tashabbuslar bilan tanishtirildi. Bu tashabbuslar qatoriga kompaniyalarga minimal sarmoyalar bilan O‘zbekiston bozoriga kirishga imkon beruvchi “Zero Risk” dasturi, shuningdek, O‘zbekiston bozoriga kiruvchi xorijiy kompaniyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi “Softlanding” dasturi kiradi.

Tomonlar hamkorlik imkoniyatlarini yanada chuqurroq o‘rganishga qiziqish bildirdilar. Uchrashuv “Concentrix” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Yirik global kompaniyalarni  jalb etilishi nafaqat O‘zbekistonning jahon autsorsing bozoridagi mavqeyini mustahkamlaydi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.

2024-09-09