“CRIF” kompaniyasi Oʻzbekistonda mintaqaviy bosh qarorgohini ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda

“Shared Services va Offshore Outsourcing Conference” doirasida IT Park Uzbekistan vakillari hamda “CRIF” Osiyo filiali direktori Vinchenso Resta boshchiligidagi Italiyaning “CRIF” kompaniyasi delegatsiyasi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar kompaniyaning mintaqaviy bosh qarorgohini Oʻzbekistonda ochish masalasini muhokama qildilar.

“CRIF” Yevropa qitʼasidagi yetakchi bank kredit axborotlari yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanib, moliyaviy xizmatlar sohasida texnologik yechimlar taqdim etuvchi dunyoning yetakchi kompaniyalari reytingi — “FinTech 100”ga kiritilgan. Bosh qarorgohi Italiyada, qoʻshimcha ofislari esa Hindiston, BAA va Sloveniyada joylashgan kompaniya 4 qitʼadagi 37 mamlakatda oʻz xizmatlarini koʻrsatadi. “CRIF” xodimlari soni 6400 dan ortiq mutaxassisni tashkil etadi.

Ilgari tomonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda mahalliy ofisning “CRIF” uchun yangi mintaqaviy qoʻshimcha ofisga aylanish va oʻz xizmatlarini Oʻzbekiston orqali xorijiy bozorlarga olib chiqish salohiyati mavjudligi muhokama qilingan edi. Mamlakatimiz IT sohasiga zarur koʻmak va yordam koʻrsatishda hukumatning ochiqligini namoyish etayotgani, shuningdek, biznes muhitini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va islohotlar tufayli Italiya kompaniyasi vakillari uchun jozibador hisoblanadi.

Bu safar “CRIF” vakillari mahalliy infratuzilma, isteʼdodlarni tayyorlash darajasi va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishish maqsadida “ICT WEEK UZBEKISTAN 2024” tadbiriga tashrif buyurishdi. Tadbirning rasmiy qismidan soʻng, Italiya delegatsiyasi boshqa kompaniyalarning muvaffaqiyatli tajribalari bilan tanishish uchun IT Parkning bir qator rezidentlariga tashrif buyuradi.

“CRIF” kompaniyasining Oʻzbekistonda mintaqaviy bosh qarorgohini ochish istiqbollari har ikki tomon uchun ham muhim qadam hisoblanadi. Bu Oʻzbekiston uchun IT sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini rivojlantirish va yuqori malakali ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha yangi imkoniyatlar ochadi. “CRIF” kompaniyasi uchun esa bu Markaziy Osiyodagi faoliyatini strategik kengaytirish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun Oʻzbekistonning qulay biznes muhitidan foydalanish imkoniyatini beradi.

 

2024-09-17