DevFest Tashkent-2023 uchun roʻyxatdan oʻtish boshlandi

Google Developer Groups (GDG) tomonidan butun dunyo boʻylab tashkil etiladigan “GDG DevFest-2023” global dasturchilar konferensiyasi uchun roʻyxatdan oʻtish boshlandi.

GDG DevFest — bu maʼruzalar, seminarlar va amaliy mashgʻulotlarni oʻz ichiga olgan bepul bir kunlik tadbir. Tadbir dasturchilar uchun eng yangi texnologiyalar bilan tanishish, boshqa dasturchilar bilan muloqot qilish va oʻz bilimlarini boshqalar bilan oʻrtoqlashish imkoniyatini yaratadi.

Konferensiya tashabbuskori “GDG Tashkent” mahalliy dasturchilar hamjamiyati va va NNT “IT Ta’lim Uyushmasi” hisoblanadi. Toshkentdagi DevFest konferensiyasi soʻnggi besh yil davomida oʻtkazib kelinmoqda va Oʻzbekistonda dasturchilar uchun eng yirik va mashhur tadbirlardan biriga aylandi.

“GDG DevFest Tashkent-2023” konferensiyasida 3500 dan ortiq ishtirokchi, jumladan 30% ayol texnologlarning ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir maʼruzachilari sifatida Google ekspertlari Mark MakDonald va Martin Goerner, “Outtalent” kompaniyasidan Tilek Mamutov, “KPMG” kompaniyasidan Jitendra Gupta va boshqalar soʻzga chiqishadi.

Konferensiya 25-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida (sobiq “Panorama”) boʻlib oʻtadi. Tadbir 9:00 da boshlanadi.

Bepul chiptani quyidagi havola orqali olishingiz mumkin: https://devfest.gdgtashkent.uz/

2023-11-15