Digital Internship dasturi ishtirokchilari uchun master-klass

Toshkentdagi Amity Universitetida “Digital Internship Program” (DIP) ishtirokchilari uchun master-klass bo‘lib o‘tdi.

Tadbir o‘zbek va rus tillarida o‘tkazildi. Unda IT Park direktori o‘rinbosari Maxliyo Muksinova, “Digital Internship Program” loyihasining startap menejeri va kuratori Muyassar Shermatova, “Avdo Consulting” xalqaro konsalting kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha boshqaruvchi hamkori va Adizes Institutining strategik hamkori Zuxra Abdurahmanova, shuningdek, kadrlar boʻyicha mutaxassis va maslahatchi, biznes-murabbiy, sertifikatlangan psixolog Anna Kim ishtirok etdilar.

Uchrashuv avvalida Muyassar Shermatova DIP dasturi va uning maqsadi haqida so‘zlab berdi, mehmonlarga barcha spikerlarlarni tanishtirdi va mahorat darsida uchrashuv ishtirokchilarini nimalar kutayotgani haqida gapirib berdi.

Maxliyo Muksinova yoshlar, ayniqsa, ayollar uchun IT sohasidagi imkoniyatlar, xususan, IT Park faoliyati va tashkilotning IT sohasidagi ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalari haqida soʻzlab berdi.

Shundan so‘ng navbat Zuhra Abdurahmanovaga oʻtdi, u “Business development, networking, strategiya yaratish va xalqaro miqyosdagi loyihalarni ishga tushirish” mavzusida ma’ruza qildi.

Zuhra ishtirokchilarga dual ta’limning ahamiyati, OTM bitiruvchilarining bozor talablari va tendensiyalariga muvofiqligi toʻgʻrisida so‘zlab berdi; Practice-based knowledge haqida – bu mutaxassis bo'lishda qanchalik muhim va bunday bilimlarni qayerdan olish kerak. Bundan tashqari, ekspert networkingʼning muhimligi haqida gapirib berdi va foydali kontaktlarni ko‘paytirish yo‘llari bilan boʻlishdi.

Toshkentdagi “Hayot, Shaxsiyat, Oʻsish” amaliy psixologiya oʻquv markazi hammuassisi, HR-mutaxassis Anna Kim “Biznes va karyerada psixologiya” mavzusida sessiya oʻtkazdi. 

Oʻz chiqishi davomida mutaxassis ayollarga har qanday yoshda karyera boshlash mumkinligini, IT sohasida ishlash uchun oliy ma’lumotga ega bo‘lish shart emasligini tushuntirdi. Bundan tashqari, Anna tinglovchilarga ishga joylashish, yaxshi rezyume tuzish bo'yicha tavsiyalar berdi va ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.

Tadbir yakunida spikerlarga dasturdan esdalik sovg‘alar topshirildi. Eslatib oʻtamiz, “Digital Internship” – bu IT Park tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yosh ayollar va qizlar uchun IT-kompaniyalarda qisqa muddatli intensiv amaliyot dasturi.

 

 

2022-11-22