Emerging Europe nashri IT Park va O‘zbekiston IT-sohasining jadal rivojlanishi haqida maqola chop etdi

Taniqli “Emerging Europe” xalqaro nashri, shuningdek, boshqa bir qator jahon ommaviy axborot vositalari IT Park, Oʻzbekiston IT-sohaning jadal rivojlanishi va Toshkentda boʻlib oʻtadigan “ICTWEEK UZBEKISTAN 2023” tadbiri haqida maqolalar chop etishdi.

Nashrlarda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston BPO va IT-autsorsing sohasida xorijiy investorlar uchun mintaqadagi eng istiqbolli va jozibador IT-markazga aylanganiga eʼtibor qaratmoqda.

Maqolalarda Oʻzbekistonda IT-biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay sharoitlar qayd etilgan. Xususan, IT Park xorijiy IT-kompaniyalarga ilgʻor texnologiyalar, IT-sanoat uchun moʻljallangan infratuzilma va rezidentlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.

IT Park rezidenti boʻlish orqali kompaniyalar barcha korporativ soliqlardan ozod qilinadi, mamlakatga kelgan investor va mutaxassislar esa 3 yil muddatgacha IT vizasini olishlari mumkin. Ushbu viza yashash uchun ruxsat olish va ijtimoiy xizmatlar, jumladan, sogʻliqni saqlash va taʼlimning barcha turlaridan foydalanishni soddalashtiradi.

Shuningdek, maqolada xorijiy biznesni mahalliylashtirishni imkon qadar soddalashtirish imkonini beruvchi “Zero Risk” dasturi haqida ham soʻz boradi. Ushbu dastur 12 oygacha bepul ofis va uni texnik jihozlash uchun koʻmak, xodimlar (Oʻzbekiston fuqarolari) ish haqi xarajatlarining 15 foizigacha qoplash, shuningdek, mamlakatga jalb qilingan xorijiy mentorlar xarajatlarining 50 foizigacha qoplash kabi afzalliklarni o‘z ichiga oladi.

ICTWEEK UZBEKISTAN 2023 konferensiyasi iyul oyida Toshkentda oʻtkazilgan Digital Leadership Forumʼning davomi boʻladi. Tadbir butun dunyo boʻylab 300 dan ortiq BPO kompaniyalarini birlashtirib, 2030-yilgacha Oʻzbekiston IT-xizmatlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.

 

2023-10-13