Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston oʻzini mintaqaviy IT-xab sifatida olgʻa surar ekan, dastavval ushbu hodisa keng jamoatchilik muhokamasiga tushishi turgan gap.
Avvalroq, joriy yilning oktyabr oyida oʻtkazilgan ICTWEEK haftaligidan soʻng xalqaro OAVda chop etilgan maqolalarni eʼtiboringizga havola etgan edik.
Yaqin kunlarda Buyuk Britaniyaning London shahrida “Uzbekistan — New outsourcing hub in Central Asia” mavzusidagi konferensiya va qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Emerging Europe hamtaʼsischisi va boshqaruvchisi Endryu Vrobel ushbu tadbirdan olgan taassurotlari bilan boʻlishdi.
Maqolada Oʻzbekistonning rivojlanayotgan IT sohasidagi salohiyati va uning Buyuk Britaniyalik xaridorlar va investorlarni jalb qilish borasidagi saʼy-harakatlari haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Vrobel Oʻzbekistonning dasturiy taʼminot ishlab chiqishda 1980-yillarga borib taqaladigan tarixiy ildizlari mustaqillikka erishgandan soʻng sezilarli darajada rivojlanganini alohida taʼkidladi. Realsoft kompaniyasi direktori Abdukarim Qodirov taʼkidlaganidek, mustaqillikdan keyin hukumatning dasturiy yechimlarning asosiy xaridori sifatidagi roli ushbu sektorning rivojlanishi uchun asos yaratdi.
Maqolada Oʻzbekistondagi xarajatlarning pastligi kompaniyalarni jalb qiluvchi omil sifatida taʼkidlanib, hukumatning IT sohasini rivojlantirishda faol ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratilgan.
“Everest Group” hamkori Rohitashva Aggarvalning sharhi global miqyosda Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda isteʼdod, intiluvchanlik va investitsiya kabi ijobiy omillarni qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidlaydi.
“Buyuk Britaniyada faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni koʻrib chiqadigan boʻlsak, ularning taxminan chorak qismi Buyuk Britaniyalik, yana bir chorak qismi Yevropalik, yana bir choragi Hindistonlik va qolgan qismi butun dunyo boʻylab IT-mutaxassislar xizmatidan foydalanadi”, — deydi u.
Maqolada Oʻzbekiston IT-sektoridagi imkoniyatlar va muammolar samarali bayon etilgan boʻlib, hamkorlik va investitsiyalar hajmini oshirish uchun yaqqol asos bo‘ladi. Unda tarixiy kontekst, joriy tashabbuslar va kelgusidagi maqsadlar batafsil yoritilib, mamlakatdagi IT-landshaft toʻgʻrisida har tomonlama tushuncha beriladi.
Toʻliq maqolani oʻqing: https://emerging-europe.com/news/the-last-word-showcasing-uzbekistans-it-potential/
2023-12-06