Joriy yilning 25 noyabr kuni “Aloqabank” markaziy ofisida O‘zbekiston bank-moliya sohasi bilan atroflicha tanishish, ehtiyoj va imkoniyatlarini tahlil qilish maqsadida “Epam Systems” kompaniyasi vakillari va bank rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy ishtirokchilari Epam Systems kompaniyasining Belarusdagi vakolatxonasi bosh direktori o‘rinbosari Andrey Shubaderov, Rossiyadagi Epam Systems vakolatxonasi bosh direktori o‘rinbosari Artak Oganesyan, Epam Systems Rossiya biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Aleksey Lebedev, Epam Systems Uzbekistan kompaniyasi bosh direktor Renat Axtyamov, “Aloqabank” bosh direktori o‘rinbosarlari Nasiba Nasriddinova va Farrux Mo‘minov boʻldi.
Tadbirda banklarning dasturiy ta’minoti va tizimli komponentlarini takomillashtirish, bir mamlakatdan boshqasiga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tartibini soddalashtiruvchi innovatsion IT-mahsulotlarni ishlab chiqish, kichik biznesni kreditlash va moliyalashtirish orqali O‘zbekiston bank-moliya tizimini raqamlashtirish masalalari ko‘tarildi.
Ta’kidlanganidek, bank-moliya jarayonlarini avtomatlashtirish ma’lumotlarni sifatli tahlil qilish, davlat xizmatlari markazlari bilan integratsiyalashuv va yagona dasturiy ta’minotni ishlab chiqishni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Epam Systems turli biznes yechimlarini taqdim etish orqali AQSh, Rossiya va Belarusda ushbu jarayonlarni optimallashtirish bo‘yicha loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
Epam Systems, shuningdek, yoshlarga taʼlim beradi va dunyoning turli burchaklarida o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun muntazam ravishda o‘z jamoasiga iqtidorli dasturchilarni jalb qiladi. Bugungi kunda kompaniya Zolotaya Korona va Western Union pul o’tkazmalarini amalga oshirish xizmatlari bilan ishlaydi.
Rossiyadagi Epam Systems tashabbusi orqali Sberbank bilan birgalikda biznesni onlayn ro’yxatdan o’tkazish loyihasi ishga tushirildi, bu yosh tadbirkorlarning yirik kompaniya qurish yo‘lidagi samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Korxonani ro’yxatga olish jarayonlarini soddalashtirish davlatga pul va vaqtni tejash imkonini beradi, bu esa Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi.
Bundan tashqari, do‘konlar, restoran va kafelarda foydalanish mumkin bo‘lgan QR kodlar yordamida onlayn hamyon yaratish va to‘lov usullarini avtomatlashtirish loyihalari katta muvaffaqiyatga erishdi.
Xususan, “Epam Systems” rahbarlari “Aloqabank” bilan bank-moliyaviy jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalarni kelgusida amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
“Aloqabank” va “Epam Systems Uzbekistan” AJ o‘rtasidagi hamkorlik moliya-bank sohasini rivojlantirish, kreditlar olish, loyihalarni moliyalashtirish, pul o‘tkazmalari va O‘zbekiston banklari tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa qator xizmatlar tartiblarini soddalashtirishga yordam beradi.
2021-11-26