“EPS Ventures” Malayziya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilishga ko‘maklashadi

Bosh direktor oʻrinbosari Jahongir Radjabov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Malayziyaning “EPS Ventures” kompaniyasi direktori Metyu Barsing bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur kompaniya Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytirish boʻyicha ulkan rejalarga ega. Uchrashuvning maqsadi IT-xizmatlar eksporti hajmini oshirish va mintaqaga xorijiy sarmoya jalb qilish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishdan iborat boʻldi.

Malayziya kompaniyasi vakillari Metyu Barsing boshchiligida oʻzbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikning strategik yoʻnalishlari va istiqboldagi rejalarini muhokama qildilar. Xorijiy tillarni biladigan yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish boʻyicha tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratildi. Kompaniyaning rejalari taʼlim dasturlarida faol ishtirok etish va mintaqadagi IT-isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlashni oʻz ichiga oladi.

Malayziya ayni paytda Oʻzbekistonning, ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasidagi strategik hamkori hisoblanadi. Uchrashuvda yoshlar bandligini taʼminlash va mintaqaviy eksport hajmini oshirish imkonini beradigan IT va autsorsing sohalarida Malayziyaning yetakchi kompaniyalarini Sirdaryo viloyatiga jalb qilish rejalari muhokama qilindi. Metyu Barsing ushbu hamkorlikning mintaqa taraqqiyoti uchun muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, joriy yilning toʻrtinchi choragida Malayziyada autsorsing, Fintech (moliyaviy texnologiyalar) va AI (sun’iy intellekt) sohalaridagi 100 dan ortiq kompaniyalarni jalb qiladigan “Uzbekistan Outsourcing Conference” forumini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston investitsiyaviy muhitni yaxshilash ustida faol harakat qilmoqda va biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun turli imtiyoz va dasturlarni taklif qilmoqda. Mamlakat xalqaro xavfsizlik indeksida birinchi oʻrinni egallab turibdi, bu esa uni investorlar va sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantiradi. “EPS Ventures” kompaniyasi vakillari oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va uzoq tarixini eʼtirof etishdi, bu esa mamlakatning xalqaro hamkorlar uchun jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.

2024-08-01