Gaijin Entertainment O‘zbekistonga tashrif buyurib, bir necha yo‘nalishda hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda

Yangi xalqaro hamkorliklar o‘rnatish doirasida “Gaijin Entertainment” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Anton Yudintsev IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistondagi o‘yin ishlab chiqarish sanoatining hozirgi holati, kompaniyaning mamlakat bozoriga kirish imkoniyatlari, shuningdek, mahalliy hududda faoliyat yuritish istiqbollarini muhokama qildilar.

Gaijin Entertainment — “War Thunder”, “Crossout “va “Enlisted” kabi loyihalar bilan tanilgan dunyoning yetakchi onlayn o‘yinlar ishlab chiqaruvchisi va nashriyotchilaridan biri hisoblanadi. 2002-yilda asos solingan kompaniyaning bosh qarorgohi Vengriyada joylashgan bo‘lib, Kipr, Armaniston, Vengriya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda ofislari mavjud.

Ta’lim — sanoat poydevori

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri “Gaijin” tomonidan ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasiga mamlakatning mahalliy universitetlari uchun bepul taqdim etilishi mumkin bo‘lgan ta’lim dasturini muhokama qilish bo‘ldi. Ushbu tashabbus yoshlar orasida o‘yin sanoatiga qiziqishni oshirish hamda mamlakatda o‘yin ishlab chiqarish sohasining taraqqiyoti uchun asos yaratishga qaratilgan.

O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyati

Shuningdek, O‘zbekistonda “Gaijin Entertainment” bilan hamkorlikning boshqa shakllari ham muhokama qilindi. Bunday qadam nafaqat kompaniyaning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish uchun muhim bosqich bo‘lishi, balki mintaqada yangi ish o‘rinlari yaratish va texnologiyalar almashinuvini rag‘batlantirishga ham xizmat qilishi mumkin.

O‘yin ishlab chiqarish sohasi uchun yangi imkoniyatlar

Uchrashuv ehtimoliy hamkorlik yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi. Yaqin kelajakda hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqish va tajriba-sinov tashabbuslarini ishga tushirish bo‘yicha amaliy qadamlarni baholash rejalashtirilmoqda.

IT Park O‘zbekistonda o‘z loyihalarini mahalliylashtirmoqchi bo‘lgan xalqaro kompaniyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va global miqyosda kreativ sanoatni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishni davom ettiradi.

2025-06-11