2025-yil 25-sentyabr kuni Toshkentdagi “Caex” markazining 2-zalida video o‘yinlar va interaktiv ko‘ngilochar sohaga bag‘ishlangan Markaziy Osiyodagi birinchi xalqaro konferensiya — “Game Gap” bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchi — IT Park Uzbekistan. Konferensiya global tendensiyalarni muhokama qilish, hamkorlar topish va O‘zbekistonning jahon o‘yin ekotizimiga integratsiyalashuvi uchun noyob maydon yaratdi.
Konferensiya doirasida “Tencent” va IT Park Uzbekistan vakillarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
“Level Infinite” (Tencent Games Global) kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Hisham Nuxu O‘zbekistonda o‘yinchilar ishtirokining o‘sishi va mamlakatda o‘yin sanoati rivojlanishining dinamikasiga alohida e’tibor qaratib, o‘yin ishlab chiqish sanoatining global tendensiyalari haqida hisobot taqdim etdi.
O‘z navbatida, Azamat Rahmon-Zoda IT Park’ning sohani rivojlantirish va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, har oyda O‘zbekistonda kamida uchta yangi o‘yin kompaniyasi ochilmoqda, bu esa bozorning yuqori salohiyati va jozibadorligidan dalolat beradi.
“Grimor Entertainment” asoschisi Otabek Baratov “From Developer to Studio Founder: Shaping Your Own Journey” taqdimoti doirasida shaxsiy hikoyasi bilan o‘rtoqlashdi. U o‘yinlarni individual ishlab chiqishdan tortib, to‘laqonli studiya yaratishgacha bo‘lgan yo‘li haqida gapirib, yosh tadbirkorlar uchun muammolar va imkoniyatlarga e’tibor qaratdi.
Konferensiya dasturidan, shuningdek, panel sessiyalari va ishtirokchilar uchun viktorinalar o‘rin oldi.
Konferensiya doirasida ikkita qizg‘in panel muhokamasi — “The Future of Indie Game Development in Uzbekistan” va “AI+Vibe Coding in GameDev” bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiyalar O‘zbekistonda mustaqil o‘yin ishlab chiqish kelajagi va o‘yinlarni yaratishga yangi yondashuvni shakllantirishda innovatsion texnologiyalarning, shu jumladan sun’iy intellektning roli haqidagi asosiy masalalarga bag‘ishlandi.
Muzokaralarda “Voodoo” kompaniyasining nashriyotni rivojlantirish bo‘yicha direktori Yuriy Kotikov va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Nikolya Viyet, shuningdek, “Level Infinite” (Tencent Games Global) kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Hisham Nuxu va IT Park Uzbekistan istiqbolli loyihalar ofisi rahbari Azamat Rahmon-Zoda ishtirok etdilar. Panellar moderatori sifatida “GameGoethe” asoschisi Akmal Solihov qatnashib, munozaralarni mahalliy studiyalarni rivojlantirishning amaliy jihatlari, global jarayonlarga integratsiyalashuv imkoniyatlari va o‘yin ishlab chiqish jarayonini tezlashtirish va sifatini oshirish uchun sun’iy intellekt yechimlarini qo‘llash masalalariga qaratdi.
Konferensiya ma’ruzachilar tomonidan taqdim etilgan barcha mavzularni qamrab olgan interaktiv viktorina bilan yakunlandi. Ishtirokchilar taqdimotlarni qanchalik diqqat bilan kuzatganliklarini sinab ko‘rishdi va g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
“Game Gap 2025” Markaziy Osiyoda o‘yin sanoatini rivojlantirishning yangi yo‘nalishini belgilab bergan voqea bo‘lib, O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamladi.
2025-09-25