“GBA” kompaniyasi O‘zbekistonda bek-ofis ochishni rejalashtirmoqda

Bosh direktor Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park delegatsiyasi butun dunyo bo‘ylab o‘z ofislariga ega yirik autsorsing kompaniyasi direktori va asoschisi Denis Guittet bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniya Oʻzbekistondagi bek-ofisda ishlash uchun mahalliy koʻp tilda soʻzlashuvchi mutaxassislarni ishga olishga qiziqish bildirdi.

“GBA” — butun dunyo boʻylab 35 dan ortiq ofislarga ega yetakchi autsorsing provayderi. “GBA” Meksika, Kolumbiya, Belgiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, BAA, Malayziya, Xitoy, Yaponiya va boshqa koʻplab mamlakatlarda oʻz xizmatlarini koʻrsatadi. Kompaniya ixtisoslashuvi aviakompaniyalar, avtomobilsozlik, kabel televideniyesi va ommaviy axborot vositalari, elektron tijorat va biznesning boshqa sohalarini oʻz ichiga oluvchi keng koʻlamli autsorsingni qamrab oladi.

IT Park vakillari GBA rahbariga Oʻzbekistonda biznes yuritishning afzalliklarini taqdim etib, soliq imtiyozlari va autsorsing ofisi uchun malakali xodimlarni tanlashda koʻmakni oʻz ichiga oluvchi salmoqli davlat yordamini alohida taʼkidladilar. Asosiy eʼtibor xalqaro miqyosda samarali faoliyat yuritishga intilayotgan kompaniyalarning oʻsishi va rivojlanishi uchun noyob imkoniyatlar yaratadigan qulay shart-sharoitlarga qaratildi.

Denis Guittet mamlakatning inson salohiyatiga boʻlgan qiziqishini qayd etdi — Oʻzbekistonning mehnat resurslari Oʻzbekiston hududida autsorsing sohasida kompaniya tashkil etish yoki mavjud kompaniya bilan birlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda muhim rol oʻynaydi. Koreys, nemis, arab va fransuz tillarini biladigan yoshlarga alohida qiziqish bildirildi. Malaka talablari toʻgʻrisida maʼlumot olgandan soʻng, IT Park Uzbekistan Oʻzbekistonda biznesni yoʻlga qoʻyish uchun mos hamkorlarni topishda yordam beradi.

“GBA” kompaniyasi bilan hamkorlik Oʻzbekiston uchun beqiyos imkoniyatlar yaratadi. Kompaniyaning autsorsing koll-markazlari ochilishi nemis, turk, xitoy va boshqa tillarni oʻrganayotgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun koʻplab ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi. Kelgusida kompaniya ham oʻz autsorsing ofislarini ochishi, mutaxassislarimizga yirik xalqaro kompaniyalar bilan ishlash imkoniyatini taqdim etishi mumkin.

2024-07-30