Video o‘yinlar allaqachon oddiy ko‘ngilochar vositadan ko‘proq narsaga aylangan — bugun u texnologiyalarning eng tez rivojlanayotgan sohalaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda geymdev mahalliy va xalqaro bozorlarni zabt etishga intilayotgan yosh dasturchilar va startaplarning e’tiborini faol jalb qilmoqda.
O‘zbekistonda o‘yinlar yaratishga bo‘lgan qiziqish jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Yangi studiyalar paydo bo‘lmoqda, IT sohasidagi ta’lim dasturlari rivojlanmoqda, IT Park kabi tashkilotlar esa g‘oyalarni tijoriy muvaffaqiyatli loyihalarga aylantirish uchun ishlab chiquvchilarga yordam bermoqda. Geymdev yangi ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning jahon maydonidagi texnologik salohiyatini mustahkamlash orqali innovatsiyalarning muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
O‘zbekistonda o‘yin sanoati qanday rivojlanayotganini tushunish uchun biz “East Games” studiyasining rivojlanish bo‘yicha direktori Akmal Salixov bilan suhbatlashdik. Suhbatda u o‘zining noyob tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, musiqaning geymdev sohasidagi birinchi qadami bo‘lgani, bu karyerani tanlashga undagan uchta sabab, shuningdek, mamlakatdagi video o‘yinlar sanoati istiqbollari va boshqa ko‘p narsalar haqida so‘zlab berdi.
O‘yin industriyasidagi faoliyatingiz qanday boshlangan?
O‘zbekiston o‘yin sanoatida 2010-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdaman. Geymdevga kirishdan oldin ko‘p yillar davomida musiqa bilan shug‘ullanganman va badiiy videotasvirga olish bilan qiziqganman.
Bolaligimdan musiqani sevardim. Dastlabki treklarni 12 yoshimda yarata boshlaganman. Men kompyuter musiqachisi edim va “Downtempo” janrida elektron musiqa yozardim. O‘ylaymanki, kompyuterda musiqa yozadigan har bir kishi beixtiyor IT sohasiga kirib qoladi: o‘nlab audiolavhalar va yuzlab tovush effektlari vizual dasturlashni eslatadi.
17 yoshimda musiqaga bo‘lgan qiziqishimni daromadga aylantirishga harakat qildim: do‘stim bilan ovoz yozish studiyasini ochdik, bir yarim yildan so‘ng esa ikkinchi, kattaroq studiyani tashkil etdik. Aytgancha, mamlakatimizning eng mashhur boyzbendi “Ummon” guruhining “Sokin tun” va boshqa hit qo‘shiqlari aynan bizning studiyamizda yaratilgan.
Studiyani rivojlantirish bilan bir vaqtda, 2008-yilda men o‘zimning debyut musiqiy albomimni chiqardim. Ehtimol, men “iTunes” platformasida o‘z albomini chiqargan birinchi o‘zbekistonlik bo‘lganman, o‘sha paytlarda musiqa do‘konlariga chiqish juda mushkul edi. 30 dan ortiq leybllar bilan muloqotdan so‘ng men Kaliforniyadagi “Magnatune” nashriyotini tanladim. Aynan ular menga xalqaro bozorga chiqishga yordam berishdi.
Qanchalik urinmay, albomimni chiqarishdan katta mablag‘ ishlab ololmadim, lekin o‘yin ishlab chiquvchilar orasida tanildim va o‘sha yili mening musiqamdan “iPhone” uchun o‘yin ishlab chiquvchilar foydalana boshladilar. Bu jamoa bilan yaqinlashdik, men ularning o‘yinlari uchun ovoz va musiqalar yaratdim. 4 yil ichida saund-dizaynerlikdan art-direktor darajasiga ko‘tarildim va studiyaning eng yirik loyihalari uchun mas’ul bo‘ldim.
Geymdev sohasida karyera qurishga sizni nima undadi?
Musiqaga bo‘lgan katta muhabbatimdan tashqari, o‘yin sanoatida rivojlanishga qaror qilishimning yana 3 ta sababini aniqladim.
https://www.matthewball.co/all/stateofvideogaming2025
Sizningcha, 2025-yilda O‘zbekistonda geymdev qanday istiqbollarga ega?
Butun dunyoda geymdev barqaror o‘sib borayotganini hisobga olsak, bu jarayonlar bizning mintaqamizni chetlab o‘ta olmaydi. Shaxsan men so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekiston sanoatida ancha faol o‘zgarishlarni ko‘rib turibman. Buning sabablaridan biri, albatta, IT Park’ning tashkil etilishi va IT-kompaniyalarga soliq imtiyozlari taqdim qilinishi. O‘yinlarni ishlab chiqish studiyalari ham IT-kompaniyalar bo‘lib, ushbu imtiyozlarga ega bo‘lishmoqda.
Ikkinchi muhim jihat — “East Games” studiyasining O‘zbekiston bozorida paydo bo‘lishi. Albatta, O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida o‘yin studiyalari mavjud bo‘lgan, lekin ular asosan kichik mobil o‘yinlarni yaratgan. “East Games” — bu nafaqat mobil o‘yinlar, balki kompyuter va o‘yin konsollari uchun xalqaro darajadagi keng ko‘lamli o‘yin loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadigan mamlakatdagi birinchi yirik studiyadir.
Ishonchim komilki, mamlakat o‘yin sanoati faol rivojlanadi va mahalliy o‘yin relizlari soni sezilarli darajada oshadi. Bu bir yil ichida sodir bo‘lishiga ishonchim komil emas, chunki o‘yinlar bir necha yil davomida yaratiladi, ammo 5 yil ichida mahalliy o‘yinlarni ishlab chiqarish bir necha baravar ko‘payishini kutmoqdaman. Ko‘p sonli o‘yinlarni ishlab chiqarish, tabiiyki, geymdev mutaxassislariga bo‘lgan talabni oshiradi.
Geymdev sohasidagi yo‘lni qanday boshlash va rivojlanishni davom ettirish mumkin?
Men geymdevda o‘z yo‘limni boshlaganimda, mamlakatda atigi 2-3 ta studiya bor edi va mustaqil ta’lim olish uchun ma’lumotlar deyarli mavjud emas edi.
Hozir hamma narsa ancha osonlashdi: O‘zbekistonda o‘yinlarni ishlab chiqish yo‘nalishida dars berishni boshlagan oliy o‘quv yurtlari va o‘quv markazlari mavjud. Mustaqil o‘rganuvchilar Internetda minglab video darslar va o‘yinlarni ishlab chiqish bo‘yicha yuzlab kurslarni muammosiz topishi mumkin. Biroq, kurslar mazmuni ingliz yoki rus tilida taqdim etilgan. Afsuski, o‘zbek tilida kontent juda kam, shuning uchun kimda-kim sanoatga kirishni xohlasa, ingliz yoki rus tillarini o‘rganishni maslahat bergan bo‘lardim.
O‘yin sanoati sohasiga hatto minimal ko‘nikmalar bilan kirish mumkin. O‘yin studiyalarida ko‘pincha boshlang‘ich lavozimlar mavjud, odatda stajyor darajasidagi, agar tajriba biroz ko‘proq bo‘lsa, hatto junior bo‘lish ham mumkin (Inglizcha “Junior” — IT sohasidagi kichik mutaxassis. — Tahr. izohi).
Sanoatga kirishda o‘z mahoratingiz asosida kasbni aniqlash ham muhimdir. Testlovchi, dasturchi yoki rassom eng yaxshi boshlang‘ich lavozim bo‘lishi mumkin. Aytgancha, amaliyot — bu tajriba to‘plash uchun uzoq muddatli haq to‘lanmaydigan ish, degan fikr mavjud. Ammo “East Games” kompaniyasida barcha stajirovkalar kompaniyaning barcha xodimlari oladigan imtiyozlar bilan to‘liq haq to‘lanadigan ishdir.
Agar sizning darajangiz hali stajyor yoki junior darajasiga yetmasa yoki o‘zingizga mos ish o‘rnini topa olmasangiz, kichik o‘yinlaringizni yaratishni boshlashni va hakatonlar va geymjemlar kabi geymdev tadbirlarida qatnashishni maslahat beraman.
“East Games” va IT Park har yili ushbu turdagi tadbirlarni o‘tkazadi. Biz malaka oshirish dasturlarini ham yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Misollardan biri “East Games Start” bo‘lib, uning sharofati bilan o‘nlab 3D rassomlari o‘yinlar uchun realistik 3D modellarni yaratish bo‘yicha o‘z mahoratlarini oshirishdi.
O‘tgan yildan beri “East Games” jamoasi “GameDev Goethe” o‘yin ishlab chiqish inkubatorini ham qo‘llab-quvvatlamoqda, unda ishtirokchilar uch oy davomida o‘z o‘yinlarini yaratadilar. Menimcha, “GameDev Goethe” — bu O‘zbekiston o‘yin sanoatiga kirish eng yaxshi usullaridan biridir.
2025-yilda geymdev sohasida qaysi kasblar eng ko‘p talab qilinadigan bo‘ladi?
Ehtimol, o‘yin yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy kasblarga barqaror talab saqlanib qoladi: geymdizayn, art, dasturlash, UI va testlash. Bu yo‘nalishlardagi mutaxassislar doimo zarur bo‘ladi. Shubhasiz, turli sohalar tutashgan joylarda yangi kasblarga talab o‘sib boradi. Misol uchun, generativ sun’iy intellekt yordamida o‘yinlarga vizual konsepsiyalar yaratadigan “AI Concept Artist”. Biroq, ehtimol, barcha yangi kasblar men avval tilga olgan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqadi.
Bu kasblar uchun qanday ko‘nikmalar zarur? Ularning maoshlari qancha va bo‘sh ish o‘rinlarini qayerdan izlash mumkin?
Ko‘nikmalar haqida so‘rashganda, men har doim hammaga yoqadigan javobni berishni yoqtiraman — o‘yin o‘ynash kerak. Ammo aql bilan o‘ynash lozim: o‘yinlarga iste’molchi emas, balki potensial yaratuvchi sifatida qarashni o‘rganish muhim. O‘yinlarni tahlil qilish, ularning qanday tuzilganiga e’tibor berish, sharhlarni ko‘rish va ishlab chiqilish jarayonini o‘rganish kerak. Agar “YouTube”da mushukchalar o‘rniga sevimli o‘yiningiz qanday yaratilganini ko‘rsangiz — tabriklayman, siz to‘g‘ri yo‘nalishdagi birinchi qadamni qo‘ydingiz.
Umuman olganda, o‘yin sanoatidagi maoshlar IT sohasidagi o‘rtacha maoshlar bilan taqqoslanadi. Ma’lumki, IT sohasidagi ish haqi ko‘pincha mamlakatdagi boshqa sohalarga qaraganda yuqoriroq. Geymdevni boshqa IT sohalaridan ajratib turadigan yagona jihat — bu bonuslar. O‘yin studiyalari, agar o‘yin loyihalari muvaffaqiyatli bo‘lsa, o‘z xodimlariga faol ravishda bonuslar to‘laydi. Bu yil barcha xodimlarimiz bonuslar olishdi, shuning uchun geymdev sohasida ishlash nafaqat qiziqarli, balki ancha foydali hamdir.
Bo‘sh ish o‘rinlarini hh.uz va it-market kabi ish qidirish platformalaridan ham, o‘yin ishlab chiqaruvchilar to‘planadigan chatlardan ham topish mumkin. Men “GameDevGoethe” chatida bo‘sh ish o‘rinlarini tez-tez uchrataman. Agar sizni “East Games” kompaniyasidagi vakansiyalar qiziqtirayotgan bo‘lsa, bizning Telegram kanalimiz geymdevdagi yangi lavozimlardan xabardor bo‘lishning eng yaxshi usullaridan biridir. Ayni paytda biz 5 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha xodimlarni izlamoqdamiz.
2025-02-03