Google kompaniyasidan “Solution Challenge” tanloviga tayyorgarlik dasturi ishga tushirildi

IT Park va “GDG Toshkent” “Uzum” va Digital-operator Beeline Uzbekistan ko‘magida poytaxtimizda “Solution Challenge” tanloviga tayyorgarlik dasturini ishga tushirmoqda.

“Solution Challenge” – bu BMTning 17 Barqaror Rivojlanish Maqsadlaridan bir yoki bir nechtasiga muvofiq Google texnologiyalaridan foydalangan holda mahalliy muammoga yechim yaratish maqsadida Google tashabbusi bilan talabalar uchun har yili oʻtkazib kelinadigan tanlov.

Tayyorgarlik dasturi Oʻzbekiston loyihalariga butun dunyo boʻylab 10 ta eng yaxshi “Solution Challenge” final bosqichi ishtirokchilari qatoriga kirishga yordam berish uchun yoʻlga qoʻyilgan. U seminarlar, mentorlik va feedback sessiyalarini o'z ichiga oladi. Tadbirlar gibrid formatda o'tkaziladi.

Seminarlar Google kompaniyasi mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Ularda spikerlar o‘z loyihalarida Google resurslaridan qanday foydalanish mumkinligi haqida batafsil ma’lumot beribgina qolmay, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob beradilar. Seminarlarda o‘tgan yilgi tanlovlar g‘oliblari ham ishtirok etadi.

Mentorlik sessiyalari ishtirokchilar uchun turli sohalardagi yetakchi mutaxassislarning qimmatli maslahatlarini tinglash orqali loyihalarni sayqallash, koʻnikmalarni rivojlantirish hamda yangi gʻoyalarga ega boʻlishdek noyob imkoniyat yaratadi.

Feedback sessiyalar esa loyihani sayqallash uchun kerakli fikr-mulohazalarni olishning ajoyib usuli hisoblanadi. Ushbu tadbir tayyorgarlik dasturining yakuniy bosqichi bo'lib, shundan so'ng tanlov uchun ro'yxatdan o'tish boshlanadi.

Tayyorgarlik dasturi doirasidagi tadbirlar fevral oyi oxirida start oladi. Ro‘yxatdan o‘tish orqali loyihalar ustida ishlashni bugundanoq boshlash imkoniyati mavjud. “Solution Challenge” uchun arizalar esa 2023-yil 17-martdan 31-martga qadar qabul qilinadi.

Dasturga quyidagi havola orqali ro'yxatdan o'tish mumkin: https://forms.gle/7C9WvE2GtyCkhSeG6 

Ro‘yxatdan o‘tish formasida tadbirlar haqida ma’lumot olish uchun ishtirokchilar qo‘shilishi kerak bo‘lgan “Telegram” guruhiga havolani topish mumkin.

2023-02-17