IT Park vakillari “Haulmont” IT-kompaniyasi ijrochi direktori Maksim Vasilev bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“Haulmont” kompaniyasi dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va IT -xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashgan. 2008-yilda tashkil etilgan kompaniya biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va korporativ ilovalarni ishlab chiqish uchun platformalar yaratishga eʼtibor qaratadi. Kompaniyaning asosiy mahsulotlaridan biri korporativ ilovalarni tezkor ishlab chiqish uchun kuchli vosita — “CUBA Platform” hisoblanadi. “Haulmont” butun dunyo boʻylab joylashgan 4 ta ofisda 720 nafardan ziyod xodimga ega va kompaniyaning yillik aylanmasi 50 million dollardan koʻproqni tashkil qiladi.
Oʻtkazilgan uchrashuvda IT Park va “Haulmont” vakillari kompaniyaning Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mamlakat hududida yangi ofis ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar. “Haulmont” kompaniyasi Oʻzbekistonning faol rivojlanayotgan IT-bozoriga, shuningdek, mamlakatning qulay ishbilarmonlik muhitiga qiziqish bildirdi. Ayniqsa, xorijiy valyutada daromad olish imkoniyati muhim rol oʻynaydi, shu munosabat bilan kompaniya Oʻzbekistonga eksportga yoʻnaltirilgan bek-ofisni tashkil etish uchun yangi manzil sifatida qaramoqda.
Shuningdek, kuzda kompaniya Oʻzbekiston hududida yirik autsorsing ofisini ochishni rejalashtirmoqda. “Haulmont” xodimlari orasida bir nechta oʻzbekistonlik IT-mutaxassislar ham boʻlib, ular oʻz faoliyatida ajoyib natijalarni koʻrsatib kelmoqda, shu munosabat bilan kompaniya yangi ofisga koʻproq oʻzbekistonlik IT-mutaxassislarini jalb qilishga qiziqmoqda.
Avvalroq, “Haulmont” kompaniyasi Oʻzbekiston bilan ish boshlash maqsadida soliq va biznes maslahatlarini olish uchun IT Park vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazib ulgurgan edi.
“Haulmont” kompaniyasi bilan hamkorlik Oʻzbekistonga koʻpgina afzalliklarni taqdim etib, IT sohasida mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratadi, bu esa bandlikni koʻpaytirish va kadrlar malakasini oshirishga hissa qoʻshadi. Kompaniyaning eksportga yoʻnaltirilgan bek-ofisini tashkil etish ham Oʻzbekistonga jahon IT-xizmatlar bozorida oʻz mavqeyini mustahkamlash, mamlakatning eksport salohiyati va xorijiy valyutadagi daromadlarini oshirish imkonini beradi. Shu tariqa, “Haulmont” kompaniyasi bilan sheriklik Oʻzbekistonning raqamli transformatsiyasi va iqtisodiy yuksalishi yoʻlidagi muhim qadamga aylanishi mumkin.
2024-07-27