Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan Hindistonning global texnologiya kompaniyasi “HCLTech” vakillari bilan O‘zbekistonda “CareerShaper” tashabbusini amalga oshirish va “HCLTech” ofisini ochish bo‘yicha yo‘l xaritasini muhokama qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarga Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova rahbarlik qildi. “HCLTech” delegatsiyasiga kompaniyaning vitse-prezidenti va global rahbari Shrimati Shivashankar boshchilik qildi.
“HCLTech” — dunyoning 59 mamlakatida faoliyat yurituvchi, jami 225 ming xodimga ega global texnologik kompaniya. Kompaniya texnologik xizmatlar va mahsulotlarning keng portfeliga tayanib, raqamli texnologiyalar, muhandislik, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot sohalarida sanoatdagi yetakchi imkoniyatlarni taqdim etadi. Kompaniyaning 2023-yildagi daromadi 13,7 milliard dollardan oshdi.
“HCLTech” delegatsiyasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Shrimati Shivashankar kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etib, qo‘shma tashabbuslarni, jumladan, maktab yoshidan boshlab yoshlarni o‘qitish va ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, alohida fakultetlarni rivojlantirish uchun universitetlar bilan hamkorlik qilishni taklif etdi. Vazir Shermatov bu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik qilish niyatini tasdiqladi va o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Uch kunlik tashrif doirasida “HCLTech” delegatsiyasi IT Park, “IT Bilim”, mahalliy IT Park rezident kompaniyalari va universitetlar vakillari bilan ham muzokaralar olib bordi.
IT Park Uzbekistan xizmatlar eksporti bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova bilan uchrashuvda O‘zbekistonda “HCLTech” yangi ofisini ochish istiqbollari, shuningdek, “HCL Career Shaper EdTech” dasturi doirasida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda mahalliy IT-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yirik loyihani ishga tushirish muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari so‘nggi 7 yil ichida O‘zbekistonning jadal iqtisodiy rivojlanishini ta’kidlab, strategik joylashuvi, kadrlar salohiyatining xilma-xilligi va ko‘p tilliligi tufayli mamlakatda biznesni kengaytirishga qiziqish bildirdilar.
Bundan tashqari, “HCLTech” jamoasi IT-infratuzilmasini o‘rganish uchun IT Park Toshkent filialiga tashrif buyurdi va “EPAM” hamda “Uzinfocom” kabi bir nechta IT Park rezidentlari bilan muzokaralar olib bordi. Shrimati Shivashankar va Ankush Saraff TATU, INHA va ITPU kabi universitetlarga tashrif buyurib, ular doirasida Cloud, AI va CyberSecurity sohalarida ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha potensial hamkorlikni, shuningdek, sanoatda ishlashga tayyor mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan fakultetlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.
O‘zbekistonning raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy ta’lim dasturlarini yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida delegatsiya a’zolari “IT Bilim” vakillari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ta’limda innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi, shuningdek, ta’lim jarayoniga IT-yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tajriba almashildi. Bu nafaqat joriy dasturlar bilan tanishish, balki kelajakda hamkorlik qilishning mumkin bo‘lgan yo‘llarini belgilash imkonini berdi.
Xalqaro miqyosda tan olingan “HCLTech” kompaniyasining ekspertizasi qo‘shma ta’lim loyihasini ishga tushirishni mahalliy mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun muhim qadamga aylantiradi. Mazkur loyiha eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar uchun kadrlar tayyorlashga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida eksportni ko‘paytirish va xalqaro kompaniyalarni mahalliy bozorga jalb qilishga ko‘maklashadi. O‘zbekistonda “HCLTech” faoliyatini kengaytirish nafaqat mahalliy mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshiradi, balki mamlakatning global IT-ekotizimiga integratsiyalashuviga turtki bo‘ladi.
2024-11-23