Joriy yilda Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan M360 Eurasia 2025 xalqaro forumida O‘zbekiston mintaqaning o‘sib borayotgan raqamli yetakchisi maqomini yana bir bor tasdiqladi. Forum Raqamli texnologiyalar vazirligi va VEON ko‘magida o‘tkazildi. IT Park Uzbekistan vakili Sultonmurod Rasulov O‘zbekistonning jahon IT-ekotizimidagi o‘rni mavzusida taqdimot qildi.
GSMA tomonidan tashkil etilgan forumda 40 dan ortiq mamlakatdan top-menejerlar va innovatorlar ishtirok etdi. Raqamli ekotizim vakillarining bunday xilma-xilligi tufayli M360 Eurasia texnologiyalar rivojlanishini rag‘batlantiruvchi strategik yechimlarni muhokama qilish, shuningdek, raqamli siyosat va investitsiya muhitini shakllantirish uchun noyob maydonga aylandi.
Sultonmurod Rasulov o‘z nutqida O‘zbekiston "Raqamli O‘zbekiston - 2030" davlat strategiyasi, raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va xalqaro kompaniyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish tashabbuslari tufayli mintaqaviy IT-xab maqomiga erishish yo‘lida faol harakat qilayotganini ta’kidladi.
"Bugungi kunda O‘zbekiston innovatsiyalar va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan o‘z raqamli kun tartibini ishonch bilan shakllantirmoqda. Biz 2030-yilga borib Yevrosiyoning yetakchi raqamli markazlaridan biriga aylanish uchun infratuzilmani yaratmoqdamiz, xalqaro hamkorlarni jalb qilmoqdamiz va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlamoqdamiz," - dedi Rasulov.
Forum ishtirokchilari, shuningdek, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq chorrahasida joylashgan O‘zbekistonning geostrategik afzalliklarini muhokama qildilar, bu esa mintaqada o‘z ishtirokini kengaytirishga intilayotgan xalqaro texnologiya kompaniyalari uchun qulay kirish imkonini beradi. Mamlakatda yangi texnologik muammolar va imkoniyatlarga ochiq bo‘lgan yosh innovatorlarning faol hamjamiyati shakllanmoqda.
Rasulov o‘z nutqi doirasida mamlakatning jahon autsorsing maydonidagi raqobatbardosh ustunliklari, jumladan, malakali kadrlar mavjudligi, past operatsion xarajatlar va jadal rivojlanayotgan raqamli infratuzilmani taqdim etdi.
IT Park Uzbekistan’ning M360 Eurasia 2025’dagi ishtiroki mamlakatning global raqamli hamjamiyatga integratsiyalashuvi va O‘zbekistonni butun dunyo bo‘ylab IT-kompaniyalar uchun asosiy hamkor sifatida targ‘ib qilish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.
2025-05-26