IT Park “ICT hikoya” rukni ostida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarning muvaffaqiyat tarixi haqida hikoya qilishda davom etmoqda.
Bugungi qahramonimiz 25 yoshli Darxonbek Mamataliyev. Toshkentdagi Inha universitetini tamomlagan. Maktab, kollej va universitetda o‘qib yurgan kezlarida informatika va dasturlash fanlari bo‘yicha olimpiadalarda va IT musobaqalarida ham qatnashgan.
U hozirda AQShda yashab “Uber” kompaniyasida iOS-dasturchi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Darxonbek AQSHga 2019-yilda ko‘chib keldi.
“Green Card yutganimdan so‘ng rezyumelarimni AQSH kompaniyalariga jo‘nata boshladim. IT sohasida ish topgach bu yerga ko‘chib o‘tdim”
Hikoyamiz qahramoni aytishicha, uning ko‘chishdan maqsadi ikkita edi: 1 - moliyaviy; 2 - dasturchi sifatida texnik bilimlarni oshirish.
“AQSh, xususan, Silikon vodiysi barcha texnologik kompaniyalarining markazi hisoblanadi. Dunyo bo'ylab eng yirik kompaniyalarining yarmidan ko'pi shu yerda joylashgan. IT-mutaxassis uchun ko'p narsalarni o'rganishingiz mumkin bo'lgan tajribali murabbiyga ega bo'lish juda muhimdir. Bundan tashqari, ustida ishlashingiz mumkin bo'lgan katta mahsulotlarga ega bo'lish ham juda muhim o’rin tutadi, chunki katta, murakkab texnik muammolarga duch kelmasangiz, ularni qanday hal qilishni o'rganmaysiz."
Darxonbek eslashicha, ko'chish va ishga joylashish bilan bog'liq muammolar bo'lmagan, chunki “Green Card” ishlashga ruxsat beradi. Ammo kelgandan keyin ba'zi qiyinchiliklar paydo bo'ldi.
"AQShga ko'chib o'tganimda, men deyarli barcha pullarni chiptaga va uy-joyga sarfladim. Cho‘ntagimda 500 dollar qolgan edi. Bu mablag' bilan men Amerika Qo'shma Shtatlarida hayotimni va ishimni boshladim va men tez orada maosh olaman deb umid qildim, chunki menda boshqa pul yo'q edi.”
Boz ustiga, yaqinlari yonida emasligi Darxonbek uchun yanada qiyin bo’ldi.
“Ko'pchilik aytadi: chet elga bor, u yerda hamma narsa oson, hayot go’zal, deb. Aslida, uning ham o’ziga yarasha qiyinchiliklari mavjud. Yangi mamlakatga ko'chganingizda, barchasini qayta boshlashingiz kerak. Yoningizda na do'stlaringiz, na tanishlaringiz, oilangiz, na obro’-e’tiboringiz, na tanish-bilish bo’ladi. Yangidan do‘stlar va tanishlar doirasini tuzish kerak, shuning barobarida, o’zga madaniyat va urf-odatlarga moslashish lozim”.
Hozirda Darxonbek “Uber Eats”, turli davlatlarda faoliyat olib boradigan taom hamda do’konlardan oziq-ovqat yetkazib berish ilovasini dasturlash ustida ish olib bormoqda. “Uber Eats” mazkur soha bo’yicha dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi.
Nega aynan AQSHni tanladingiz deya berilgan savolga Darxonbek moliyaviy nuqtayi nazardan Amerikada dasturchilarga eng yuqori maosh beriladi, deya javob berdi.
“Kanada va Yevropa mamlakatlari bilan AQSHda beriladigan maoshni taqqoslaganda, Amerikada u yuqoriroq ekan. Qolaversa, bu yerda barcha sharoitlar mujassam: yuqori tezlikdagi internet tarmog’i, texnik uskunalarni sotib olish imkoniyati. Misol uchun, rivojlanayotgan mamlakatlarda noutbuk sotib olish uchun odamlar oylab pul yig’adi. Bu yerda esa odamlar oylab pul to’plamasdan osonlikcha shartta borib sotib olishadi.”
Salohiyat nuqtayi nazaridan, bu yerda nafaqat IT-kompaniyalar, balki boshqa sohalarda ham, masalan, sug’urta, tibbiyot, bank va moliya sohalarida ham dasturchi-mutaxassislar kerak.
“Bundan tashqari, yuqorida aytib o’tganimdek, bu yerda yirik kompaniyalar, yirik mahsulotlar juda ko’p. 10 mingta foydalanuvchi ishlatadigan ilovani yaratish boshqa, 100 million foydalanuvchi ishlatadigan ilovani ishlab chiqish boshqa. Ish ko’lami, yondashuvlar har xil. Qolaversa, mamlakatda turli IT-konferensiyalar o’tkazib kelinadi. Tadbirlarda mashhur dasturchilar, dasturlash tillari, texnologiyalar mualliflarini uchratish mumkin. Ushbu mutaxassislardan ko’p narsani o’rgansa bo’ladi.”
Darxonbek har qanday davlatning IT sohasi rivojlanishini quyidagi mezonlarga ko‘ra baholaydi: moliya, infratuzilma, o‘sish va inson salohiyati.
“Moliyaviy nuqtai nazardan, tan olaman, men hayratdaman. O‘zbekistonda dasturchilarning maoshi juda tez o‘sib bormoqda, bu qisman yirik global kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelgani bilan bog‘liq. Shuningdek, mutaxassislar xorij kompaniyalarida qanday ishlash mumkinligi haqida o‘ylay boshladilar va dasturchilar kasbining o’ziga xos xususiyati shundaki, siz dunyoning istalgan nuqtasidan istalgan ishni bajarishingiz mumkin”.
Hozir, deya davom etadi mutaxassis, o‘zbekistonlik kadrlar xalqaro va xorijiy loyihalarni izlab, yaxshi maosh olishni o‘rgana boshladilar.
Infratuzilmaga kelsak, mehmonimiz tarmoq sifatini nazarda tutgan holda, Toshkentda bu borada hech qanday muammo yo‘qligini ta’kidladi. Bundan tashqari, poytaxt o'z biznesingizni xavfsiz olib borishingiz mumkin bo'lgan kovorking maydonlariga to'la. Biroq, poytaxt tashqarisida, mutaxassis fikricha, ahvol boshqacha.
“Men o'zim angrenlikman. Internetning yomonligi sababli u yerda ishlash deyarli mumkin emas, kovorking haqida esa gap bo'lishi ham mumkin emas, ular shunchaki mavjud emas. Hududlarda ham xuddi shunday muammo bor. Lekin men bilamanki, IT Park odamlar o'qish va ishlash uchun kelishlari mumkin bo'lgan filiallar va IT markazlarini viloyatlarda ham ochmoqda”.
Darxonbekning kuzatishlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kasbiy o’sish istagida bo‘lganlar ko‘p. Yoshlar IT sohasi istiqbolli ekanligini, bu orqali yaxshi pul ishlash mumkinligini tushunishadi. Ijobiy trend kuzatilayotgani, shubhasiz, quvonarli holat. U hozir ko‘rayotgan yagona muammo O‘zbekistonda yirik mahsulotlar kam. O'rganmoqchi bo'lganlar bor, lekin ularga o'rgatadigan hech kim yo'q. Ya'ni, talabaga tajriba yetishmaydi, yo’l-yo’riq ko’rsatadigan ustoz yo’q.
“Inson kapitali qiyinroq masala. O‘zbekiston aholisi 30 milliondan ortiq, ularning orasida IT sohasiga qiziquvchilar salmoqli. Ammo muammo shundaki, hozir dasturchilarimiz sifat jihatidan jahon darajasidagi dasturchilar bilan raqobatlasha olmaydi. Katta mahsulotlar ustida ishlay oladigan jahon miqyosidagi mutaxassislar barmoq bilan sanardek. Qolganlarida esa bunday bilim va tajriba yo‘q, jahon standartlariga javob bermaydi”.
Shuning uchun, hikoyamiz qahramoni ham oliy ta’lim o’quv yurtlarida, ham o’quv kurslarida berilayotgan ta'lim sifatini oshirish muhim ekanligiga urg’u berdi.
“Aminmanki, toʻgʻri yondashuv bilan Oʻzbekiston tez orada yangi bosqichga koʻtariladi. Biz odamlarga boshqacha fikrlashni - tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam berishimiz kerak. Faqat biron bir IT-kompaniyada ishlamasdan, kattaroq narsalar haqida, o‘z korxonangizni qanday yaratish haqida o‘ylab ko’ring”.
“Vatanga qaytish niyatingiz bormi?” degan savolga Darxonbek: “Men deyarli ketmadim desam ham bo’ladi”, deya javob berdi.
“O‘zbekistonga har olti oyda kelaman. Bu yerda men universitetlarda, konferensiyalarda nutq so'zlayman. Shuning uchun deyarli ketmadim desam ham bo’laveradi. Ammo jiddiy olib qarasa, hozir men dunyoni o'rganyapman va yaqin yillarda sayohat qilishni, turli mamlakatlarni, ularning madaniyatini va biznesini o'rganishni rejalashtirmoqdaman. U yoki bu davlatda IT sohasi qanday ishlaydi, ularda qanday muammolar bor, ular qanday hal qilinmoqda, qayerda qanday biznesni boshlash mumkinligi meni qiziqtiradi. Qaytamanmi yoki yo'qmi, bilmayman, vaqt ko'rsatadi."
Darxonbek yosh mutaxassislarga aniq maslahatlar berdi.
“Faoliyatingizning dastlabki yillarida bor e’tiboringizni tajriba orttirishga qarating. Hattoki pul to’lanmaydigan amaliyot o’tashingiz ham mumkin. Loyihalarni amalga oshiring va portfolio yarating."
Shuningdek, u yosh dasturchilarga ko‘p o‘qishni, yomon odatlardan voz kechishni maslahat beradi.
1. "Atomic Habits" kitobini tavsiya qilaman. Unda yomon odatlardan xalos bo'lish va yaxshi odatlarni shakllantirish usullari tasvirlangan. Ushbu usullar o'quv jarayonini osonlashtiradi.
2. Dasturchilar harakatsiz hayot tarziga ega. Sport bilan shug'ullaning - sport zaliga boring, yuguring, velosipedda uching."
2022-08-31