“ICT Week” va “Startup and Venture Summit 2024” doirasidagi “Investorʼs Room”

Toshkent, Oʻzbekiston — 2024-yil 18-sentyabr kuni “CAEx Expo Center” binosida IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan “Startup & Venture Summit” doirasida “Investorʼs Room” oʻtkazildi. Tadbir butun dunyodan venchur kapitali yetakchi vakillari va istiqbolli startaplarni birlashtirib, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish va potensial investitsiyalarni muhokama etish uchun noyob imkoniyat yaratdi.

“Investorʼs Room” tadbirida Buyuk Britaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, AQSH, Rossiya, Qatar va Oʻzbekiston kabi mamlakatlardan 18 ta venchur fondi ishtirok etdi. Ishtirokchilar orasida “Plug & Play”, “Sturgeon Capital”, “DOMiNO VC”, “Invest Qatar”, “HIVE” Venchur fondi va boshqalar bor edi.

“Investorʼs Room”da ishtirok etish uchun turli mamlakatlardan 70 ta startapdan arizalar kelib tushdi, ularning orasidan ekspertlar hayʼati 26 ta startapni tanlab oldi. Ishtirokchilar orasida “Jett”, “Finq”, “Delever”, “Finco”, “Magicstore.ai”, “Sugʻurta Bozor”, “Poweron.ai”, “Uysot”, “Coursestore”, “Avto Salom”, “Dialix”, “Ameen”, “Nyra”, “Z Med”, “Growz”, “Ele”, “Ongila”, “Arkay Media”, “Jobster”, “Zingo”, “EduCity”, “Between”, “Exode”, “Puls Ev” va “GLMS” kabi jahon akseleratsiya dasturlaridan oʻtgan startaplar bor edi.

“Investorʼs Room” dinamik pitch-sessiyalar shaklida oʻtkazilib, startaplar va investorlarga qisqa vaqt ichida aloqa oʻrnatish imkonini berdi. Tadbir davomida startaplar katta miqdordagi investitsiyalarni jalb qildilar va kelgusidagi hamkorlik boʻyicha dastlabki kelishuvlarni imzoladilar. Jumladan, “Royal Taxi” startapi “AloqaVentures”dan 200 000 dollar, “Platma” ham “AloqaVentures”dan 200 000 dollar, “Sugʻurta Bozor” esa “Startup Pitches”da ishtirok etganidan soʻng 100 000 dollar mablagʻ jalb qildi.

Tadbir startaplar uchun muhim platformaga aylandi, innovatsion loyihalar va venchur kapitali oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga hissa qoʻshdi. Bundan tashqari, bu startaplar uchun oʻzlarining texnologik ishlanmalariga eʼtibor qaratish, investorlar va ekspertlar bilan hamkorlik qilish tajribasini orttirish, shuningdek, sohadagi global tendensiyalar haqida maʼlumot olish uchun ajoyib imkoniyat boʻldi. Ishtirokchilar fikr almashish, potential hamkorlar va investorlarga oʻz yechimlarini taqdim etish, shuningdek, oʻz loyihalarini yanada rivojlantirish uchun qimmatli tavsiyalar olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

2024-09-19