24-sentyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligining kongress-zalida “ICT Week Uzbekistan” doirasida IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan “Offshore Outsourcing Conference Workshops” bo‘lib o‘tdi. IT Park mutaxassislari mehnat qonunchiligi, soliq tizimi, softlanding dasturlari, infratuzilma va kadrlar tashabbuslariga e’tibor qaratgan holda mamlakatda biznes yuritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar. Seminarlarda 50 nafardan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.
Seminarlar davomida IT Park spikerlari asosiy yo‘nalishlarni yoritib berdilar.
Rezidentlarni ro‘yxatga olish bo‘limi mutaxassisi Aziz Tojiddinov IT Park rezidenti maqomining imkoniyatlari haqida so‘zladi. Uning “Residency in IT Park Uzbekistan” mavzusidagi taqdimoti kompaniyalarga mahalliy va xalqaro bozorlarda tez rivojlanishga yordam beradigan soliq imtiyozlari va vositalarga bag‘ishlandi.
Moliyalashtirish bo‘yicha mutaxassis Bobomurod Abdurasulov “Zero Risk” dasturi va IT-kompaniyalar uchun mavjud infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash: hududlarda bepul jihozlangan ofislar, subsidiyalar va ma’muriy yordam haqida batafsil ma’lumot berdi.
“Softlanding” bo‘limi mutaxassisi Azizbek Dauletboyev IT Park’da mavjud dasturlar va afzalliklar, jumladan, soliq imtiyozlari, QQSni qaytarish va rezidentlarning boshqa imtiyozlari bilan batafsil tanishtirdi.
IT Park bosh direktori maslahatchisi Ahmed Aboulezz ikki mavzu bo‘yicha ma’ruza qildi. “Talent Acquisition” bo‘limida u O‘zbekistonning kadrlar salohiyati, rekruting dasturlari hamda texnik ko‘nikmalarga ega va xorijiy tillarni biladigan iste’dodli mutaxassislarning mavjudligi haqida so‘zladi. Mehnat kodeksi sharhi doirasida esa xodimlarni yollash, shartnomalar tuzish va mahalliy qonunchilikka rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Istiqbolli loyihalar ofisi rahbari Azamat Rahmonzoda mamlakatimiz bank tizimi haqida ma’lumot berdi. U xorijiy kompaniyalar korporativ hisobvaraqlarni qanday ochishi, valyuta operatsiyalari uchun qanday qoidalar amal qilishi va xorijiy biznes uchun qanday moliyaviy vositalar mavjudligini tushuntirdi. Uning ta’kidlashicha, tizim xalqaro investorlar uchun tobora qulay va shaffof bo‘lib bormoqda.
“Kapitalbank” boshqaruv raisi o‘rinbosari Akmal Yahyoyev bankning IT Park Uzbekistan bilan hamkorligi haqida taqdimot qildi. U qo‘shma sa’y-harakatlar IT va BPO-kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishonchli moliyaviy infratuzilmani yaratishga qaratilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Kapitalbank” xalqaro va mahalliy kompaniyalarga operatsion jarayonlarni soddalashtirish va O‘zbekistonda biznesni ishonch bilan kengaytirishga yordam beradigan maxsus bank yechimlarini taklif etmoqda.
“Offshore Outsourcing Conference Workshops” doirasida IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova yakunlovchi nutq so‘zladi:
“Bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonda xalqaro kompaniyalarning o‘sishi uchun qulay muhit yaratish. Biz biznesni rivojlantirishga ko‘maklashamiz, siz esa o‘z navbatida iqtisodiyotimiz rivojiga hissa qo‘shasiz. Tadbirlarimiz O‘zbekistonda kompaniya ochish to‘g‘risida qaror qabul qilishingizga yordam berishiga chin dildan umid qilaman. Agar savollaringiz bo‘lsa yoki yordam kerak bo‘lsa — biz nafaqat bugun, balki faoliyatingizning barcha bosqichlarida yoningizda bo‘lamiz.”
Sammit va seminarning o‘tkazilishi O‘zbekistonni ishonchli autsorsing hamkori sifatida ilgari surish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Mazkur tadbirlar xalqaro hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatning global IT va BPO-xizmatlar bozoridagi mavqeini mustahkamlash uchun zamin yaratadi.
Tadbirlarning axborot hamkorlari: Aniq.uz, Daryo.uz, Frank.uz, Kursiv, Nova 24, The Tech, UzbekFintech, Weproject, Vzglyad.uz, Oriat Dono radiostansiyasi.
2025-09-24