Innovatsiyalar sohasi mutaxassislari tomonidan O’zbekistonda vorkshop o’tkaziladi

Toshkent, Samarqand va Buxoroda “Innovatsiyalar va ijtimoiy ta’sir – kompaniyalar muvaffaqiyati garovi” mavzusida bir kunlik seminarlar bo‘lib o‘tadi.

Innovatsiyalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelar ekan, u jamiyat va bozor munosabatlarini tubdan o‘zgartirmoqda. Shu sababli yangi g‘oyalardan muvaffaqiyatli foydalanish biznes jarayonlari samaradorligini oshirish, yangi va takomillashtirilgan mahsulot va xizmatlarni bozorlarga olib chiqish, eng muhimi, kompaniyalar serdaromadliligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Innovatsiyalar sohasidagi bilimlari bilan:

• Innovatsiyalar va startaplar bo‘yicha amerikalik ekspert Maykl M. Matesik;

• O‘zbekistonda korporativ ijtimoiy mas’uliyat va barqaror biznes sohasida yetakchi mutaxassis Malika Sharipova bo‘lishadi. 

Seminarda Maykl M.Matesik innovatsiyalarni qanday qilib asosiy biznes-jarayonga aylantirish, turli muvaffaqiyatli yondashuvlar, shuningdek, boshqa kompaniyalarning xatolarini takrorlamaslik uchun ular boshdan kechirgan salbiy tajriba haqida gapirib beradi. Bundan tashqari, mutaxassis innovatsiyalarni rejalashtirish va g‘oyalaringizni rivojlantirish uchun muqobil biznes muhitini yaratish bo‘yicha maslahatlar bilan o‘rtoqlashadi.

Seminarlar o‘tkazilish vaqti va joyi:

• Toshkent, 24-may, 10:00-13:00, Yoshlar ittifoqi agentligi qoshidagi “Book Cafe”, Navoiy kochasi 11;

• Samarqand, 26-may, 10:00-13:00, IT Park, Amir Temur ko‘chasi, 44-uy;

• Buxoro, 27-may, 10:00-13:00, “Mono Markaz”, Piridastgir ko‘chasi, 13.

Tadbirga ro’yxatdan quyidagi havola bo’ylab o’ting.

Spiker haqida ma’lumot:

Maykl M. Matesik - Idea Foundry, Inc. kompaniyasining prezidenti va bosh direktori, tashkil etish va rivojlanishning turli bosqichlarida biznes bilan ishlashda katta tajribaga ega muvaffaqiyatli boshqaruvchi. “Idea Foundry” kompaniyasida so‘nggi 19 yil davomida u 250 dan ortiq kichik biznes va innovatsion startaplarga sarmoya kiritib, ularning rivojlanishiga yordam berdi.

Malika Sharipova - CARE CSR asoschisi va direktori. O‘zbekistonda korporativ ijtimoiy mas’uliyat (KSM) sohasi mutaxassisi; NewLinks Global kompaniyasining katta hamkori; “Amfori” kompaniyasining malakali murabbiyi (Belgiya); “Impactt London” (Buyuk Britaniya) yetakchi eksperti; Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va mahalliy korxonalarning KSM, barqaror rivojlanish, xalqaro ijtimoiy va ekologik audit/sertifikatlar va GSP+ bo‘yicha doimiy maslahatchisi; BMTTDning O‘zbekistonda Yashil rivojlanish strategiyasi asoslarini ishlab chiqish guruhiga rahbarlik qiladi.

2022-05-18