Intelcia kompaniyasi bilan uchrashuv: IT Park O‘zbekistonning IT-xizmatlar sohasidagi imkoniyatlarini taqdim etdi

Yaqinda Portugaliyaga qilgan xizmat safari davomida IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov bosh direktor maslahatchisi Ahmad Abulaz bilan birga “Intelcia” kompaniyasining savdo va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Zaynul Jamol bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda IT-kompaniyalarga yangi bozorlarga chiqish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar muhokama qilindi.

Intelcia” ichki, yaqin va tashqi bozorlarda to‘rtta asosiy yo‘nalishda yetakchi xizmat ko‘rsatuvchi provayder hisoblanadi: mijozlar tajribasi uchun ko‘p kanalli yechimlar, biznes jarayonlari, IT-yechimlar va innovatsion maslahat xizmatlari. 2005-yilda tashkil etilgan kompaniya Fransiya, Portugaliya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, AQSh va Kolumbiya kabi 10 dan ortiq mamlakatda 85 ta markazga ega va butun dunyo bo‘ylab 40 000 nafardan ortiq xodimni ish bilan ta’minlagan. 2023-yilda kompaniyaning daromadi 790 million dollardan oshgan va xizmatlar 16 tilda ko‘rsatilmoqda.

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi mamlakatda yuqori savodxonlik va bir nechta xorijiy tillarni biladigan yosh, malakali kadrlar salohiyati mavjudligini ta’kidladi. Bu “Intelcia” kompaniyasining ko‘p tilli xizmat ko‘rsatish markazini yaratish maqsadiga mos keladi. Farhod Ibragimov O‘zbekistonda nemis, ingliz, fransuz va boshqa tillarni biladigan ko‘plab mutaxassislar borligini va bu “Intelcia” ehtiyojlariga to‘la javob berishini qayd etdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi geografik joylashuvi, til xilma-xilligi va raqamli soha mutaxassislarining o‘sib borayotgan zaxirasi kabi strategik afzalliklari ham ko‘rib chiqildi.

Farhod Ibragimov mamlakat eksportining 57 foizdan ortig‘i IT-xizmatlar va mahsulotlar, 27 foizi esa biznes xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi. O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochayotgan xorijiy kompaniyalar ushbu boy kadrlar salohiyatidan foydalanishlari va kompaniyaning barcha to‘rtta xizmat ko‘rsatish sohasidagi faoliyatini kengaytirishga hissa qo‘shishlari mumkin.

IT Park vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning qulay soliq tizimi, davlat ko‘magi va mahalliy xodimlarni o‘qitish uchun asosiy mutaxassislarni taklif qilish imkonini beruvchi IT-viza olish imkoniyatiga e’tibor qaratdilar. Farhod Ibragimov “Intelcia” jamoasini mamlakatning ishbilarmonlik muhiti va infratuzilmasini shaxsan baholash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.

Tomonlar hamkorlik shartlarini muhokama qilishni davom ettirish va O‘zbekistonning IT-xizmatlar va texnologiyalar markazi sifatidagi salohiyatini o‘rganishga, shuningdek, mamlakatning til ko‘nikmalari, raqobatbardoshligi va innovatsion imkoniyatlari bilan tanishishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. O‘zbekistonda xorijiy IT-kompaniyalarning tashkil etilishi nafaqat hududlarda ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi, balki “Zero Risk” dasturi kabi tashabbuslar tufayli mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini tezlashtiradi.

2024-11-12