Investorni qanday topish mumkin IT Park Ventures bosh direktori O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash haqida

2024-yil oxirida O‘zbekistonda “IT Park Ventures” ishga tushirildi. “The Tech” tahririyati Azamat Karamatov bilan suhbatlashib, jamg‘arma hozirda qaysi startaplarga qiziqish bildirayotgani va uning qanday strategiyalari borligini bilib oldi.

Azamat Karamatov, Toshkent shahri, “IT Park Ventures” bosh direktori

O‘zim haqimda

Mening karyeram bir nechta sohalarni qamrab oladi: startaplar va venchur investitsiyalaridan tortib, texnologiya sohasidagi strategik boshqaruvgacha. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olganimdan so‘ng, startaplar ekotizimini rivojlantirish va kapital jalb qilish bo‘yicha yetakchi investitsiya fondlari va texnologiya kompaniyalarida ishladim.

IT Park Ventures — O‘zbekistonning birinchi davlat venchur fondi bo‘lib, Prezidentning 357-sonli qarori doirasida startaplarni erta bosqichda qo‘llab-quvvatlash va ularni global bozorda kengaytirish maqsadida tashkil etilgan. Biz nafaqat istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritamiz, balki ularning o‘sishi uchun ekotizim yaratib, xalqaro hamkorlar, mentorlik va strategik yordamdan foydalanish imkoniyatini ta’minlaymiz. Bizning ustuvor yo‘nalishlarimiz — sun’iy intellekt, FinTech, DeepTech, GreenTech, EdTech va GameDev. Investitsiyalar hajmi g‘oya bosqichidagi 10 000 dollardan A seriya bosqichida 1 million dollargacha yetadi.  Bitimlarning o‘rtacha hajmi esa 150 000 dollarni tashkil etadi.

Investitsiyalar haqida

Biz uchun venchur investitsiyalar bu — shunchaki kapital kiritish emas, balki uzoq muddatli hamkorlikdir. Yondashuvimiz chuqur ma’lumot tahlili, bozor tendensiyalari va texnologik imkoniyatlarga asoslangan. Biz ilg‘or tahliliy modellardan foydalanamiz, unit economics va biznesning kengayish salohiyatiga alohida e’tibor qaratamiz. 

Biz uchun moliyalashtirish bilan bir qatorda startaplar strategik ko‘mak, asosiy hamkorlarga kirish imkoniyati va mentorlike yordamiga ega bo‘ladigan ekotizimni yaratish ham muhimdir.

Muvaffaqiyatli investitsiya kiritish bir nechta asosiy sifatlar uyg‘unligini talab qiladi:

  1. Tahliliy fikrlash — ma’lumotlarni chuqur tahlil qilish, bozor tendensiyalarini tushunish va kompaniyalar salohiyatini baholash qobiliyati.
  2. Strategik qarash — nafaqat startapning hozirgi holatini, balki uning uzoq muddatli istiqbollarini, potensial o‘sish nuqtalarini va kengayish yo‘llarini ko‘ra bilish.
  3. Xatarlarni boshqarish — ambitsiya va realizm o‘rtasidagi muvozanat, imkoniyatlarga ochiqlikni saqlab qolgan holda xavflarni aniqlash va minimallashtirish qobiliyati.
  4. Empatiya va asoschilarga ko‘maklashish qobiliyati — tadbirkorlarning motivatsiyasini tushunish, ishonchli munosabatlarni shakllantirish va ularning o‘sishiga ko‘maklashish.
  5. Moslashuvchanlik va adaptivlik — texnologiyalar va investitsiyalar olami doimo o‘zgarib turadi, shu sababli yangi sharoitlarga tez moslasha olish va noodatiy yechimlarni topa bilish zarur. 
  6. Aloqalar tarmog‘i va ekotizim tafakkuri — muvaffaqiyatli investorlar shunchaki sarmoya kiritmaydilar, balki startaplar atrofida ularning rivojlanishiga xizmat qiluvchi muhit yaratadilar: hamkorlar, iste’dodlar, korporativ mijozlar va keyingi moliyalashtirish bosqichlariga kirish imkonini ta’minlaydilar.

Yakuniy natijada, venchur investitsiyalar bu — faqat pul haqida emas, balki qiymat yaratish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion ekotizimni rivojlantirish haqida hamdir.    

Investitsiyalardagi asosiy qiyinchiliklar — bu kuchli jamoalar va xalqaro bozorga chiqish salohiyatiga ega mahsulotlarni topishdan iborat. Biz bu vazifani faol kommunikatsiya, netvorking va hamkorlik orqali hal qilamiz — mahalliy startap hamjamiyatlaridan tortib, xalqaro venchur fondlari va korporativ o‘yinchilargacha. Bu bizga istiqbolli loyihalarni aniqlash, tashqi ekspertiza olish va startaplarni global ekotizimga integratsiya qilish imkonini beradi.

Shuningdek, biz unit-iqtisodiyot, “product-market fit”, raqobat muhiti va bozor dinamikasini chuqur tahlil qilishni o‘z ichiga olgan tizimli “due diligence” jarayonini qo‘llaymiz. Bunday kompleks yondashuv bizga nafaqat kuchli jamoalarni aniqlashga, balki ularning o‘sishi va kengayishini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

Biz allaqachon $650 000 miqdoridagi ilk strategik investitsiyalarni amalga oshirdik — bu mablag‘ birinchi tanlab olingan uchta istiqbolli startapga yo‘naltirildi. Mazkur loyihalar 100 dan ortiq ko‘rib chiqilgan startaplar ichidan tanlab olindi. Muhim jihat shundaki, ushbu kompaniyalar asoschilari o‘zbekistonlik bo‘lib, ularning ba’zilari AQShda istiqomat qiladi. Ular allaqachon AQSh, Yevropa va Yaqin Sharq bozorlarida faoliyat yuritishmoqda, ofislari esa O‘zbekiston, AQSh, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida joylashgan. Bu nafaqat o‘zbekistonlik tadbirkorlarning yuqori salohiyatini, balki ular global raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga qodir ekanini ham tasdiqlaydi.      

Datatruck — AQSh bozorida logistikani avtomatlashtirish uchun yaratilgan sun’iy intellekt yechimi.

Platforma “TruckGPT” texnologiyasi orqali yuk tashishdagi qo‘lda bajariladigan operatsiyalarni 60% gacha qisqartiradi va 9000 dan ortiq AQSh banklari bilan integratsiyasi pul oqimlarini buyurtmalar bilan sinxronlashtirish imkonini beradi. Jalb qilingan mablag‘lar A seriyasidan oldin kengayishga yo‘naltirilgan.

Geomotive — geotargeting asosida ishlovchi raqamli tashqi reklama marketpleysi.

LED ekranlarni yagona tizimga birlashtirib, avtomatlashtirilgan xaridlar va samaradorlikni aniq o‘lchash imkonini beradi. Bu brendlarga raqamli reklama moslashuvchanligi bilan reklama kampaniyalarini boshqarish imkonini taqdim etadi.

Unitlab AI — ma’lumotlarni belgilash va sun’iy intellekt modellarini boshqarishni avtomatlashtiruvchi platforma.

Texnologiya ma’lumotlarni belgilashni 15 baravar tezlashtiradi, xarajatlarni 5 barobar kamaytiradi va muhandislarning vaqtini 60% gacha tejaydi, bu esa sun’iy intellektni o‘rgatish jarayonini tezroq va samaraliroq qiladi.

Ushbu investitsiyalar bizning strategiyamizni aks ettiradi — global istiqbolga ega texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularga asosiy bozorlarda o‘sish va kengayishda yordam berish.

IT Park Ventures investitsiya strategiyasi

Biz shunchaki g‘oyalarga emas, balki jamoalarga investitsiya kiritamiz. Muvaffaqiyat kaliti — bu tadbirkorlik tafakkuriga ega, moslashuvchan va chuqur tajribaga ega kuchli asoschilardir. Biz noyob qiymat taklifi, isbotlangan talab (foydalanuvchilar oqimi, mijozlar, daromad) va xalqaro miqyosda kengayish salohiyatiga ega startaplarni izlaymiz. 

Jarayon chuqur tahlilni o‘z ichiga oladi: moliyaviy modellashtirish, “due diligence” va unit-iqtisodiyotni baholash. “Plug and Play Tech Center” tadqiqotlari bizga bozor imkoniyatlari va strategik istiqbollarni aniqlashda yordam beradi. Biz ushbu tashkilotning O‘zbekiston, EMEA mintaqasi va AQSHdagi ofislari bilan faol hamkorlik qilib, ularning istiqbolli startaplarni tanlashdagi tajribasidan foydalanamiz. 

An’anaviy texnologik yo‘nalishlardan tashqari, biz GreenTech va uzoq muddatli qiymat yaratuvchi ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Xatarlarni aniq tahlil qilish va jarayonning shaffofligi tufayli, biz investitsion qarorlarni tezkor qabul qilamiz. Bu esa raqobatbardosh ekotizimni shakllantirish va O‘zbekistonning mavqeini mintaqaviy innovatsion markaz sifatida mustahkamlash imkonini beradi.

Bizning asosiy e’tiborimiz — O‘zbekiston startaplarш va o‘zbek ildizlariga ega asoschilardir. Ammo, agar startap Markaziy Yevrosiyo bozoriga kengayishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, biz uni ko‘rib chiqishga va O‘zbekiston hamda qo‘shni mamlakatlar bozorlariga chiqishda yordam berishga tayyormiz.

Ekotizimi jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo, shuningdek, strategik jihatdan muhim mintaqalar sifatida AQSh, Yevropa va Yaqin Sharq biz uchun eng istiqbolli hududlar bo‘lib qolmoqda. Biz faqat mahalliy bozor bilan cheklanmaydigan, balki global raqobatbardosh biznes qurishga qodir loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

“IT Park Ventures” nafaqat startaplarga sarmoya kiritadi, balki ularning global o‘sishi uchun sharoit yaratadi. Portfel kompaniyalarimiz xalqaro venchur fondlari, biznes farishtalar, eng yaxshi akseleratorlar va yetakchi soha mutaxassislaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Biz allaqachon “MOST Ventures”, ”Astana Hub Ventures”, “ESG EQ Partners”, “Sturgeon Capital”, “Silkroad Innovation Hub x Silkroad Angels Club” bilan memorandumlar imzolashga erishdik va “Aloqa Ventures”, “Activat VC”, “White Hill Capital”, “Big Sky Capital” va boshqa yirik o‘yinchilar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Birgalikda faol investitsiyalar kiritamiz, bilim almashamiz va startaplar uchun yangi imkoniyatlar ochadigan pitch-kunlarni tashkil etamiz. 

Bizning e’tiborimiz strategik qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan: mentorlik, xalqaro bozorlarga chiqishda yordam va yetakchi akseleratorlarda, jumladan, “Alchemist”, “StarX”, “Hero Training by Draper University”, “Plug and Play Tech Uzbekistan” va IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan boshqa dasturlarda ishtirok etishga ko‘maklashish.

Bundan tashqari, biz startaplarga o‘z mahsulotlarini global auditoriyaga taqdim etish, strategik hamkorlarni topish va investorlarni jalb qilishda yordam berish maqsadida “TechCrunch Disrupt”, “InMerge Innovation Summit”, “LEAP”, “Web Summit” va boshqa yirik xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish xarajatlarining bir qismini qoplaymiz.

Biz ambitsiyali startaplar kengayish va global muvaffaqiyat uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladigan ekotizimni qurmoqdamiz.

Biz startapning rivojlanish bosqichi, zarur moliyalashtirish hajmi va kengayish salohiyatiga qarab 10 000 dollardan 1 million dollargacha sarmoya kiritamiz. Moliyalashtirish miqdori haqidagi qaror unit-iqtisodiyot, rivojlanishning yo‘l xaritasi va jamoaning strategik qarashlariga asoslangan holda qabul qilinadi.

O‘rtacha investitsiyadan chiqish muddati — 5–7 yil, ammo yakuniy qaror startapning o‘sish sur’ati va keyingi raundlarni jalb qilish qobiliyatiga bog‘liq. Biz qisqa muddatli foydaga emas, balki barqaror o‘sish va uzoq muddatli qiymat yaratishga e’tibor qaratamiz.  

Maslahatlar

Investitsiyalarni muvaffaqiyatli jalb qilish uchun quyidagilar zarur:

  1. Biznes modelini chuqur ishlab chiqish — investorlar monetizatsiya strategiyasining aniq bo‘lishi va unit-ekonomikani tushunishni kutishadi.
  2. Moliyaviy reja tayyorlash — real bashoratlar, rivojlanish ssenariylari va iqtisodiy barqarorlik — asosiy omillar hisoblanadi.
  3. Bozor tadqiqotini o‘tkazish — muammoning mavjudligini va sizning  yechimingizning raqobatbardosh ustunliklarini isbotlang.
  4. Mahsulotni sinovdan o‘tkazish — dastlabki foydalanuvchilarning mavjudligi, mijozlar e’tiborini qozonish va farazlarni tasdiqlash — katta afzallik hisoblanadi.
  5. Kengaytirish strategiyasiga ega bo‘lish — investorlar xalqaro bozorlarga chiqish salohiyatiga ega loyihalarni izlaydilar.

Investorlarni qayerdan izlash mumkin:

  • “Alchemist”, “StarX”, “Plug and Play”, “Draper University” kabi yetakchi akseleratorlarda;
  • Xalqaro pitch-sessiyalar va startap tanlovlarida;
  • Bozoringizga mos keluvchi venchur fondlari va biznes farishtalarda;
  • “TechCrunch Disrupt”, “InMerge Innovation Summit”, “LEAP”, “Web Summit” va boshqa nufuzli sanoat konferensiyalarida aloqalar o‘rnatish orqali.

Rejalarimiz

Hozirda biz sun’iy intellekt, chuqur texnologiyalar, yashil texnologiyalar, ta’lim texnologiyalari, o‘yin ishlab chiqarish, moliyaviy texnologiyalar va ijtimoiy loyihalarga e’tibor qaratmoqdamiz. Agar startapingiz muhim muammoni hal qilsa, kuchli jamoaga va kengayish imkoniyatiga ega bo‘lsa, biz uni investitsiya kiritish uchun ko‘rib chiqishga tayyormiz.

2025-04-07