IT-mutaxassis hikoyasi: 20 yoshli mutaxassis oyiga 1000 dollar ishlab topishi mumkinmi?

IT Park yosh mutaxassis bo’la turib ham yaxshigina daromad topish mumkinligini isbotlagan yoshlarning hikoyalarini chop etishda davom etmoqda.

Ruknimizning bugungi qahramoni – Bexruz Bahodirov. U Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. IT sohasiga ilk qadamni 18 yoshida qo’ygan yosh mutaxassisning qobiliyati o’sha kezlardanoq qadrlana boshlangan. Bexruz Qiziltepa tumani axborot texnologiyalari markaziga o‘qituvchi lavozimiga taklif qilindi.

U hozirda 20 yoshda va 3D modellashtirish kursi o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi.  Hozirgacha 200 nafar shogird tayyorlagan bo’lib, eng iqtidorli shogirdlaridan biri Toshkentdagi “Dizipro”kompaniyasida faoliyat olib boradi.

Bexruz markazda bolalarga dars berishdan tashqari, frilanser platformalarda ham ishlaydi (3ddd.ru, upwork.com, turbosquid.com). Frilans birjalarda u o'z loyihalarini xorijiy kompaniyalarga sotadi. Uning muvaffaqiyatli bitimlari orasida 3ddd.ru savdo maydonchasida Rossiyaning yirik mebel kompaniyasiga sotgan loyihasi ham bor.

Bexruzning oylik daromadi 1000 dollarni tashkil qiladi. Yoshidan qat’iy nazar, xohish, matonat va mehnat bilan ko‘p narsaga erishish mumkinligini yosh mutaxassis o’z misolida ko’rsatmoqda.

2022-07-08