IT-mutaxassis hikoyasi: talaba qay tarzda oyiga 1200 dollar ishlab topishi mumkin?

IT Park muvaffaqiyatga erishgan yosh IT-mutaxassislarining hikoyalari bilan bo‘lishishda davom etmoqda. Maqolamizning bu galgi qahramoni G‘olibjon Narzullaev.

G‘olibjon Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. Hozir u 22 yoshda, ammo IT sohasida yetarli tajribaga ega desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 150 ga yaqin shogirdlar va bir nechta muvaffaqiyatli yakunlangan loyihalar shularning sirasidan.

Qahramonimiz maktabni bitirgach, o‘zini bir necha sohalarda sinab ko‘rdi. 2019-yilda TATU Qarshi filialiga o‘qishga kirdi. Bu qahramonimizning IT yo‘nalishidagi ilk qadami edi. 2021-yilda IT Park hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “FutureSkills Uzbekistan” qo‘shma loyihasida o‘qishni boshlagan. G‘olibjon 9 oylik uzluksiz ta’limdan so‘ng loyihani muvaffaqiyatli yakunladi va o‘z faoliyatini dasturchi sifatida boshladi.

Bu vaqt ichida G‘olibjon o‘zining iqtidorli dasturchilardan tarkib topgan jamoasini yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoa o‘z loyihalari bilan Ideathon va Hack4Region mintaqaviy tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Hozirda Serius jamoasi 8 kishidan iborat bo‘lib, ular boshqaruv tizimlarini dasturlash va avtomatlashtirish sohasida yangi loyihalar ustida ishlamoqda.

Bir qancha muvaffaqiyatli loyihalardan so‘ng G‘olibjon Kitob tumani IT markaziga ishga taklif qilindi va u veb-dasturlash fanidan dars bera boshladi.

Qahramonimiz 3-kurs talabasi bo‘lishiga qaramay, dasturchi sifatida faoliyat olib bormoqda,  bir vaqtning o‘zida ikkita o‘quv markazida veb-dasturlash bo‘yicha ta’lim beradi.

O‘qituvchilik kasbi, loyihalardagi ishtiroki qahramonimizga yaxshigina daromad ham keltiradi: hozirda G‘olibjon oyiga 1200 dollarga yaqin pul topadi.

2022-07-01