IT-mutaxassislarni tayyorlash istagidagi IT Park rezidentlariga maqsadli foydalanish uchun qarz ajratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-avgustdagi 556-son qaroriga muvofiq, IT-bilimlarni rivojlantirish markazi IT-mutaxassislarni tayyorlash istagidagi kompaniyalarga tanlov asosida maqsadli foydalanish uchun qarz ajratadi.

Maqsadli qarz kimga mo’ljallangan?

Maqsadli qarzga IT-ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi IT Park rezident kompaniyalari ega bo’lishlari mumkin. IT-ta'limdan tashqari, majburiy shartlar sirasiga ta'lim kursi talabalari uchun ishga joylashish kafolati ham kiradi.

Maqsadli qarz qay tarzda olinadi?

Buning uchu nariza beruvchi shaxs (kompaniya):

• ariza shaklini va ariza beruvchining anketasini to‘ldirishi;

• biznes-reja tayyorlashi;

• garov, uchinchi shaxs kafolati yoki sug'urta shaklida ta'minlangan bo'lishi;

• davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va ta’sis hujjatlarining nusxalarini taqdim etishi;

• ariza beruvchining qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik bosqichida emasligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;

• ariza beruvchining moliyaviy ahvolini o‘rganish uchun zarur bo‘lgan Markaz tomonidan so‘ralgan boshqa hujjatlarni, shu jumladan qarzdorligi yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi zarur.

Arizalarni IT-ta’limni rivojlantirish markaziga tashrif buyurgan holda topshirish lozim, hujjatlar markazning maxsus tashkil etilgan Ekspert kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Taqdim etilajak qarz miqdori kompaniyaning nechi nafar mutaxassis tayyorlash va qancha talabalarni ishga joylashtirishni maqsad qilganligi bilan bog’liq. Qarzning muddati va yillik foizi Ekspert kengashining xulosasiga qarab belgilanadi.

Qo'shimcha ma'lumot uchun +998973019995 telefon raqamiga yoki it-bilim@it-park.uz elektron manziliga murojaat qiling.

2022-06-09