IT Park 104 ta yangi eksportga yo‘naltirilgan rezidentlarni qabul qildi

O‘zbekiston istiqbolli xalqaro IT-hab sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Mamlakat xorijiy kompaniyalarning e’tiborini tortayotgan bir paytda, mahalliy ishlab chiquvchilar ham jahon bozoriga dadil kirib bormoqda. Ushbu tendensiyani mamlakatdagi IT-ekotizimning jadal rivojlanishi tasdiqlaydi: 2025-yilning dastlabki ikki oyidayoq IT Park Uzbekistan o‘z safiga IT va servis xizmatlari eksportiga yo‘naltirilgan 104 ta yangi rezidentni qabul qildi.

Ayniqsa, ushbu kompaniyalarning 60 tasida xorijiy kapital ishtirok etayotgani e’tiborga molik. Ta’sischi davlatlar orasida AQSh, Fransiya, Malayziya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Gruziya, Latviya, BAA va boshqalar bor. Yangi rezidentlar o‘z faoliyatining birinchi yilida 2400 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni mo‘ljallamoqda. Bu esa mamlakatning yuqori texnologiyali sektorini rivojlantirish va malakali mutaxassislar sonining o‘sishiga hissa qo‘shadi.

IT Park’ning yangi rezident kompaniyalari IT-sanoatning turli sohalarini qamrab oladi:

  • BPO va servis xizmatlari — 40 ta kompaniya;
  • IT-xizmatlar — 38 ta kompaniya;
  • IT-mahsulotlarni ishlab chiqish — 23 ta kompaniya;
  • kreativ sektor — 3 ta kompaniya.

Taqdim etilgan biznes-rejalarga ko‘ra, yangi rezidentlar faoliyatining birinchi yilida ularning umumiy eksport hajmi 31 million dollardan oshadi. Asosiy eksport bozorlari — AQSh, Kanada, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Gruziya, Yaponiya, Latviya, Turkiya, BAA va Malayziya. 

IT Park’ning yangi rezidentlari allaqachon o‘z faoliyatini faol boshlagan. Masalan, “ONEGLOBAL” (AQSh) va “SOLUXE EVENTS” (Xitoy) AQSh, Xitoy, Hindiston va MDH mamlakatlaridan mijozlarga BPO va servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun mahalliy mutaxassislarni ishga qabul qilishni boshlagan. “BOOKINGMANIAA” (Turkiya) va “INTELI AI” (Hindiston) esa AQSh, Turkiya, BAA, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bozorlariga mo‘ljallangan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishga e’tibor qaratmoqda.

O‘z navbatida, “GEGIDZE CA” (Gruziya) 115 nafar xodimni ishga olmoqda, “SERVIONIX SOLUTIONS” va “SMART SOFTWARE SOLUTIONS” (Isroil) esa IT-yechimlar eksportini faol rivojlantirmoqda. Kompaniyalar dasturiy ta’minotni AQSh, Kanada va MDH mamlakatlari kabi xorijiy bozorlar uchun optimallashtirish va moslashtirish ustida ishlamoqda.

Xorijiy kompaniyalarning faol jalb etilishi va IT-xizmatlar eksportining ko‘payishi O‘zbekistonning xalqaro texnologik hamjamiyatdagi mavqeini mustahkamlabgina qolmay, inson kapitalini rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shmoqda. Yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va mahalliy mutaxassislarning global IT-loyihalarda ishtirok etishi ularning kasbiy malakasini oshirmoqda. Bu esa O‘zbekistonni jahon IT-bozorida tobora jozibador ishtirokchiga aylantirmoqda.

2025-03-14