IT Park 132 ta yangi eksportga yo‘naltirilgan rezidentlarni qabul qildi

O‘zbekiston jahon IT-maydonida o‘zini tobora faolroq namoyon etmoqda: xorijiy biznesning ortib borayotgan qiziqishi va mahalliy kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi kuchli texnologik markaz shakllanayotganidan darak beradi. 2025-yilning mart va aprel oylarida 132 ta yangi eksportga yo‘naltirilgan kompaniyaning IT Park Uzbekistan rezidentlari safiga qo‘shilishi ushbu o‘zgarishlarning yorqin dalili bo‘ldi.

2025-yil mart–aprel oylarida 132 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi, ularning 56 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalardir. Xorijiy investorlar geografiyasi AQSH, Yaponiya, Kanada, Fransiya, Norvegiya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Lixtenshteyn, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Italiya kabi mamlakatlarni o‘z ichiga oladi. Yangi rezidentlar o‘z faoliyatining birinchi yilida 1639 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda, bu esa mamlakatning yuqori texnologiyali sektorini rivojlantirish va malakali mutaxassislar sonining o‘sishiga hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston hududlarida 49 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya rezidentlik maqomini oldi, ularning 25 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalardir. Biznes-rejalarga ko‘ra, hududlardagi ushbu eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar 500 dan ortiq ish o‘rni yaratish va 9 million dollardan ortiq xizmatlar eksportini amalga oshirishni mo‘ljallamoqda.

IT Park’ning yangi rezident kompaniyalari IT-sanoatning turli sohalarini qamrab oladi:

BPO va servis xizmatlari — 51 ta kompaniya;
IT-xizmatlar — 38 ta kompaniya;
IT-mahsulotlarni ishlab chiqish — 34 ta kompaniya;
kreativ sanoat — 9 ta kompaniya.

Taqdim etilgan biznes-rejalarga ko‘ra, 132 ta yangi rezident kompaniyaning birinchi yildagi umumiy eksport hajmi 30 million dollardan oshadi. Asosiy eksport bozorlari — AQSH, Ozarbayjon, Malayziya, Avstraliya, Fransiya, Gruziya, Turkiya, Germaniya, Angilya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Kanada, Qatar, Bahrayn, Malta, Marokash, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardir.

IT Park’ning yangi rezidentlari allaqachon o‘z faoliyatini faol yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, AQSHning “PLATMA” kompaniyasi avtomatlashtirilgan tizimlarning sun’iy intellekt konstruktori ustida ishlash uchun mahalliy mutaxassislarni ishga olishni boshladi. Kiprning “BREFFI TECH” kompaniyasi Latviya bozoriga marketing xizmatlarini eksport qilmoqda.

Yangi Zelandiyaning “MWWALLET” kompaniyasi Yaqin Sharq mamlakatlari — Qatar, BAA, Ummon va Saudiya Arabistoniga fintech yechimlarini yetkazib berish uchun jamoa shakllantirmoqda. “TERRANOVA CENTRAL ASIA” (Italiya) va “STARLIGHT INNOVATIONS” (Yaponiya) Yevropa va Osiyoga eksportni rivojlantirish orqali dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishga e’tibor qaratmoqda.

Xorijiy kompaniyalarning faol jalb etilishi va IT-xizmatlar eksportining o‘sishi nafaqat O‘zbekistonning xalqaro texnologik hamjamiyatdagi mavqeini mustahkamlaydi, balki inson kapitalini rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi. Yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va mahalliy mutaxassislarning global IT-loyihalarda ishtirok etishi ularning kasbiy darajasini oshirib, O‘zbekistonni jahon IT-bozorida tobora jozibador ishtirokchiga aylantirmoqda.

2025-05-23