IT Park AQSH va Yevropaning yetakchi investorlari delegatsiyasini qabul qildi

IT Park Uzbekistan “Matthews Asia”, “Morgan Stanley”, “Pictet Asset Management Limited”, “Prosperity Capital UK”, “Schafer Cullen” va “WOOD & Company” kabi xalqaro investitsiya kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

IT Park vakillari IT Park va “Enterprise Uzbekistan” — Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha asosiy tashabbuslar va imkoniyatlarni taqdim etdilar. Ma’ruzachilar O‘zbekistonda raqamli ekotizimni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma loyihalari, rezidentlar uchun soliq va huquqiy imtiyozlar, shuningdek, AKT sohasiga global hamkorlarni jalb etish rejalari haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Uchrashuv doirasida ishtirokchilar uchun IT Park hududiga ekskursiya uyushtirildi.  Investorlar akseleratsiya maydonlari, rezidentlar ofislari va xalqaro hamkorlik maydonchalarini borib ko‘rishdi. Mahalliy IT-kompaniyalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari, shuningdek, eksport salohiyatiga ega startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif xalqaro investorlar va O‘zbekiston texnologik ekotizimi vakillari o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatish uchun yangi istiqbollarni ochdi. Bu mamlakatning global investitsiya kun tartibiga qo‘shilishi va O‘zbekistonning global IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadamdir.

2025-06-11