24-noyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida “TezOde” forumi doirasida IT Park bosh direktori oʻrinbosari Fayzulla Aripjanov Ozarbayjondagi birinchi protsessing markazi — “Azericard” kompaniyasi direktori Farid Guliyev bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida hamkorlik memorandumi imzolandi va oʻzaro aloqalar yoʻnalishlari hamda istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Hujjatga koʻra, tomonlar Oʻzbekiston va Ozarbayjonda startap va venchur ekotizimlarini rivojlantirish, startaplarning ikki respublika bozorlarida kengayishiga yordam berish hamda fintech (moliyaviy texnologiyalar) sohasida hamkorlik qilish niyatida.
Azericard — “MasterCard”, “Visa”, “American Express”, “Diners Club”, “UnionPay” va “JCB” kabi yetakchi xalqaro toʻlov tizimlari tomonidan toʻliq sertifikatlangan Ozarbayjondagi birinchi protsessing markazi. Kompaniya Ozarbayjon va xorijdagi barchasi xalqaro toʻlov tizimlarining aʼzolari hisoblangan 22 ta bank uchun protsessing xizmatlarini koʻrsatadi.
“Azericard” kompaniyasi kontaktsiz bank toʻlov kartalari yordamida shahar transportida toʻlovlarni amalga oshirish, aloqa va kommunal xizmatlarni toʻlash, bojxona va soliq toʻlovlari, internet va mobil banking, kartadan kartaga oʻtkazmalar, bankomatlar orqali sugʻurta va depozit toʻlovlarini amalga oshirish kabi zamonaviy texnologik loyihalarni faol amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, “Azericard” turli xil sodiqlik dasturlari, multivalyuta kartalari va boshqa koʻplab imkoniyatlarni taklif etadi.
2023-11-30