IT Park “Coursera” platformasida oʻzbek tilini joriy qildi

IT Parkʼning tugʻilgan kuniga bagʻishlangan “IT Park REwind” onlayn marafonida IT taʼlimga muqobil yoʻl hisoblanuvchi ikkita yirik loyiha haqida ham aytib oʻtishni istadik.

“One Million Uzbek Coders” – global miqyosdagi loyiha boʻlib, oʻz faoliyati davomida butun Oʻzbekiston Resbuplikasini qamrab oldi. Uzbekcoders.uz – bu har bir xohlovchi jahon IT bozorida eng urfda boʻlgan quyidagi 4 yoʻnalish boʻyicha yaratilgan kurslarda taʼlim olishi mumkin boʻlgan platforma:

  • maʼlumotlar tahlili;
  • android;
  • frontEnd;
  • fullStack.
     

Kurslar mutlaqo bepul hamda oʻzbek tilida ekanligi asosiy afzalliklardan biridir. Talaba uchun kerakli boʻladigan narsalar – bu internetga kirish imkoniyati, kompyuter va albatta taʼlim olish istagi, xolos.

Bugungi kunda ushbu platformada mamlakat boʻylab 62 000 dan ziyod inson taʼlim olmoqda. 12 000 kishi onlayn IT hamjamiyat aʼzosi boʻlib, loyihada faol ishtirok etib kelmoqda.

Qolaversa, keyingi oʻquv yilida loyiha orqali 2000 dan ortiq maktab hamda 50 ta oliygoh jalb qilinadi. Shuningdek, 250 000 roʻyxatdan oʻtish/bitiruvchi koʻrsatkichiga erishish reja qilinmoqda.

Coursera – bu jahonda yetakchi onlayn taʼlim platformalaridan biri boʻlib, unda dunyoning eng yaxshi oliygohlarida faoliyat olib boruvchi eng kuchli ekspert hamda oʻqituvchilar bilan birga katta hajmdagi kurslar taklif qilinadi.

Quyidagi mutaxassisliklar boʻyicha kurslar:

– Android dasturlari ishlab chiquvchi

– Biznes tahlilchi

– Cloud (bulut) arxitektori

– Internet marketolog

– Oʻyinlar ishlab chiquvchi

– iOS uchun mobil ilovalar ishlab chiquvchi

– Java dasturchi

– Bozor tahlilchisi

va boshqalar.

Bugungi kunga kelib ushbu kurslarda bepul oʻqish mumkin. Kurslar 2020-yilning 31-dekabriga qadar bepul tarzda boʻladi. Kurslarda oʻqish uchun allaqachon 3000 dan ziyod ariza kelib tushdi.

Qolaversa, Coursera vakillari bilan olib borilgan muzokaralardan soʻng, kurslarni endi oʻzbek tilida ham oʻqish imkoniyati yaratildi.

Coursera platformasida 30 dan ortiq tilda 60 000 dan ziyod tarjimalar boʻlib, ularning ichida endi oʻzbek tili ham mavjud.

Onlayn marafonga havola: https://www.youtube.com/watch?v=I2qtxfc25e4&t=8714s

2020-07-24