IT Park delegatsiyasi Orlandoda IT-biznes uchun O‘zbekiston imkoniyatlarini taqdim etdi

IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya IT Park Bosh direktori maslahatchisi Ahmad Abulaz ishtirokida Orlandoga samarali tashrif buyurib, O‘zbekistonni yangi autsorsing va IT-xizmatlar markazi sifatida targ‘ib qildi. Tashrif doirasida IT Park jamoasi “ICMI Contact Center Expo” va “Gartner IT Symposium/XpoTM” kabi yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi, shuningdek, xorijiy IT va autsorsing kompaniyalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

“ICMI Contact Center Expo” — mijozlarga xizmat ko‘rsatish va autsorsing sohasidagi mutaxassislar va professionallarni jamlagan xalqaro ko‘rgazma. IT Park Uzbekistan mamlakatni soliq imtiyozlari, rivojlangan IT-infratuzilmasi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tufayli xorijiy korxonalar uchun foydali bo‘lgan aloqa markazlarini tashkil etish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida taqdim etdi. Tadbir davomida delegatsiya 1000 dan ortiq mutaxassis va 100 dan ziyod kompaniya vakillari bilan aloqa o‘rnatib, mijozlarga xizmat ko‘rsatishning yangi texnologiyalari va innovatsion strategiyalarini muhokama qildi.

“ICMI Contact Center Expo” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning biznes yuritish uchun asosiy afzalliklarini ta’kidlovchi, mamlakatning autsorsing salohiyati haqida batafsil ma’lumot beruvchi IT Park stendi namoyish etildi. Ko‘rgazma ishtirokchilarida mamlakatning inson salohiyati alohida qiziqish uyg‘otdi — mahalliy mutaxassislarning ko‘p tilliligi va yuqori savodxonlik darajasi potensial hamkorlar tomonidan yuqori baholanib, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirmoqda.

Bundan tashqari, tadbir doirasida bir qator kompaniyalar bilan muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazilib, biznes-jarayonlar autsorsingi, IT-xizmatlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni boshqarish istiqbollari muhokama qilindi. “NearShore Elite”, “AssisTT”, “Abignet, Inc.”, “Calusa Marketing”, “Zoho”, “OneCause”, “Content Guru” va “CarID” kabi kompaniyalar O‘zbekiston bozorini o‘rganish va mamlakatimizda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirishdi.

Shuningdek, IT Park ikkita netvorking sessiyasida faol ishtirok etib, “Nice” va “Premier BPO” kabi bir qator kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatdi. Ushbu uchrashuvlar IT va autsorsing sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash uchun istiqbollar yaratdi.

IT Park tashrifi davomidagi asosiy uchrashuvlardan biri “Venturesathi” kompaniyasi prezidenti Roxit Gupta bilan tanishish bo‘ldi. U boshqarayotgan kompaniya Hindistonda joylashgan bo‘lib, korporativ ofisi AQShda. Roxit Gupta O‘zbekistonga va mamlakatdagi biznes imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. 2025-yil mart oyida u O‘zbekiston bozorini o‘rganish va ofis ochish imkoniyatini baholash uchun bosh direktor bilan birga O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, “Afrishore BPO” prezidenti Shon Effun bilan o‘tkazilgan muzokaralarni ham ta’kidlash lozim. U O‘zbekistonda autsorsing sohasida biznesni rivojlantirish uchun taklif etilayotgan sharoitlar va qo‘llab-quvvatlash dasturlaridan hayratga tushdi. Shon mamlakat va uning ishbilarmonlik muhiti haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun 2025-yilda tashrif buyurishga qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, IT Park delegatsiyasi mijozlarga xizmat ko‘rsatish va autsorsingni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan “Premier BPO”, shuningdek, aloqa markazlari uchun ilg‘or yechimlarni faol joriy etayotgan “Genesys” va “Cognigy” kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

IT Park delegatsiyasi “ICMI Contact Center Expo” ko‘rgazmasida ishtirok etish bilan bir vaqtda “Gartner IT Symposium/Xpo™” tadbirida ham qatnashdi.

“Gartner IT Symposium/Xpo™” — 3000 ta kompaniyadan 9000 nafardan ortiq rahbar va mutaxassislarni jamlagan yirik xalqaro tadbir O‘zbekiston uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqish, bulutli yechimlar va raqamli transformatsiya sohasidagi strategik imkoniyatlarini namoyish etish uchun muhim maydon bo‘ldi.

IT Park jamoasi “Opto”, “Zylo”, “Yellow AI”, “Skillsoft”, “Eventi”, “Cora”, “EPAM”, “Raah Technologies”, “Zenoptics” va “Prosymetry” kabi 10 ta kompaniya bilan aloqa o‘rnatdi. Ularning ko‘pchiligi yaqin kelajakda ehtimoliy hamkorlikni muhokama qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Bundan tashqari, IT Park “GTB Technologies”, “Datamatics”, “DataBricks” va “ServiceNow” singari kompaniyalar bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu jahon ishtirokchilarining O‘zbekistonga istiqbolli IT-hab sifatidagi qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Tashrif dasturining muhim qismi “Orlando Economic Partnership” (OEP) bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda texnologiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari va AQShdan investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama etildi. OEP vakillari — iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha direktor Derek Efrem va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha katta vitse-prezident Destin Uells O‘zbekistonning xorijiy kompaniyalar uchun taqdim etayotgan imkoniyatlari, jumladan, soliq imtiyozlari va mamlakat IT-sektorini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarga qiziqish bildirdilar.

IT Park Uzbekistan delegatsiyasining AQShga tashrifi nafaqat O‘zbekistonning xalqaro mavqeyini mustahkamladi, jahon kompaniyalarining e’tiborini mamlakatning o‘sib borayotgan autsorsing va IT-sohasi imkoniyatlariga jalb qildi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish uchun ham istiqbollar ochdi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondan IT va autsorsing xizmatlarining 45 foizi Shimoliy Amerika bozoriga eksport qilinadi. Bu esa mamlakatimizni mintaqaning asosiy hamkorlaridan biriga aylantirmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish raqamli infratuzilmani rivojlantirishga yordam beradi. Bu esa yoshlar va IT-xizmatlar sohasidagi mutaxassislar uchun ko‘proq ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratadi.

2024-10-26