IT Park delegatsiyasi Tojikistonning yetakchi IT-kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi

Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Surxondaryo viloyati filiali delegatsiyasi Tojikistonda xizmat safarida boʻlib, “PIXEL”, “TAJSOFT GROUP”, “Fotech”, “Soft group”, “SPITAMEN IT” va boshqa kompaniyalar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Tashriflardan asosiy maqsad Tojikiston bilan axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, IT-sohasidagi yetakchi  korxonalarni mintaqaga jalb qilishdan iborat. Tomonlar startap ekotizimini rivojlantirish va IT-autsorsing sohasida ham tajriba almashdilar.

Soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari, “Zero Risk”, “Regional HQ”, “Local2Global” va shunga oʻxshash qoʻllab-quvvatlash dasturlari kabi global biznes yuritish uchun sharoit va imkoniyatlar yaratish boʻyicha hukumat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash alohida taʼkidlandi.

Bundan tashqari, kompaniya vakillariga yurtimizda sohani rovojlantirish sari yo‘naltirilgan bir qancha sharoitlar bo‘yicha batafsil axborot taqdim etildi. Bu kabi axborot almashinuvi O‘zbekistonga yangi kompaniyalarni jalb etishda muhim rol o‘ynaydi.

Mazkur tashrif mamlakatlar oʻrtasida axborot texnologiyalari, autsorsing va oʻzaro manfaatli sheriklik uchun tajriba almashish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochib beradi.

2024-03-20