IT Park Fargʻona filiali rahbari Bahromjon Jalilov va Fargʻona viloyati hokimligi vakillari ishtirokidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 6-10 mart kunlari Yaponiya poytaxti Tokio shahrida boʻlib oʻtgan “Yaponiya – Oʻzbekiston” biznes-forumida ishtirok etdi.
Forum davomida bir qator IT-kompaniyalar, texnologik tashkilotlar va “WeWork”, “EeDEN”, “ROTOBO”, “NEO HIAADA Co. Ltd”, “NEC Corporation LLC”, “Balcom Co. Ltd” va “NIPPON Academy” kabi yapon tilini oʻqitish markazlari vakillari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Bundan tashqari, Yaponiyada taʼlim olgan va hozirda “Apple”, “Microsoft”, “Digital Consulting”, “LexisNexis”, “EY LLC” va boshqa IT-kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan forum tashkil etildi.
Uchrashuvlarda delegatsiya tomonidan IT Park faoliyati va respublika yoshlarining salohiyati, shuningdek, Oʻzbekistonda IT-biznes yuritish uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, jumladan, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, IT Park qoʻllab-quvvatlash dasturlari, “Enterprise Uzbekistan” Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish va boshqalar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Xususan, yaponiyalik hamkorlarga barcha turdagi korporativ soliqlar va QQSʼdan ozod qiluvchi IT Park rezidentlik maqomi hamda Oʻzbekiston bozoriga hech qanday xavf-xatarlarsiz kirish istagida boʻlgan xorijiy IT va BPO-kompaniyalari uchun “Zero Risk” va “Regional Headquarters” dasturlari haqida soʻzlab berildi.
Barcha uchrashuv qatnashchilari 25-aprel kuni Tokioda boʻlib oʻtadigan va Oʻzbekistonning IT-autsorsing salohiyatini ochib beradigan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiriga taklif qilindilar.
2024-03-11