IT Park Niderlandiyaning “DOMiNO Ventures” venchur fondi bilan anglashuv memorandumini imzoladi.
Memorandum doirasida “DOMiNO Ventures” kompaniyasi joriy yilda IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning innovatsion ekotizimini oʻrganish va unga oʻz hissa qoʻshishni rejalashtirmoqda.
Dunyoning 8 mamlakatida faoliyat yurituvchi “DOMiNO Ventures” kompaniyasining operatsion jamoasi Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan boʻlib, 50 dan ortiq global va mahalliy hamkorlarga ega. Jamgʻarmani kengaytirish strategiyasi tufayli uning jamoasi turli tadbirlarda, xususan, Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston va Oʻzbekistonda faol ishtirok etmoqda. Birgina soʻnggi ikki chorak davomida “DOMiNO Ventures” jamgʻarmasi 1000 ta startapni tahlil qildi va koʻrib chiqdi, bu esa uning istiqbolli tadbirkorlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash istagidan dalolat beradi.
Jamgʻarma vakillari Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan texnologiya sohasi ulkan imkoniyatlar yaratib, uni sarmoya kiritish uchun jozibador bozorga aylantirayotganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, ular mintaqaning salohiyatini eʼtirof etib, 2024-yilda Oʻzbekistonda 5 ta texnologik startapga sarmoya kiritish va ularni faol qoʻllab-quvvatlash, xalqaro bozorlarga chiqish va global innovatsiyalar sahnasidagi oʻz mavqeyini mustahkamlashga koʻmaklashish, shuningdek, ular uchun loyihani rivojlantirish boʻyicha turli dasturlarni tashkil etish rejalarini eʼlon qilishdi.
Ushbu hamkorlik nafaqat IT Parkʼning milliy innovatsion ekotizimning asosiy oʻyinchisi sifatidagi mavqeyini mustahkamlaydi, balki ortib borayotgan qiziqish va Oʻzbekistonning texnologik yutuqlar va investitsion imkoniyatlarning dinamik markazi sifatida eʼtirof etilishini ham taʼkidlaydi. IT Park Uzbekistan va “DOMiNO Ventures” oʻrtasidagi hamkorlik Oʻzbekistonda texnologiya sohasining yanada oʻsishi va muvaffaqiyatiga salmoqli hissa qoʻshish, startaplar uchun yangi imkoniyatlar ochish hamda innovatsiyalar, tadbirkorlik va venchur moliyalashtirish sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
2024-01-11