Xitoyning Dongguan shahrida “Global darajaga koʻtarilib, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoni tanlang” mavzusidagi “Go-Global Summit Huawei Cloud 2024” forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir ishtirokchilari orasida investitsiya va konsalting xizmatlari sohasidagi yirik Xitoy kompaniyalari, Xitoydagi xorijiy elchixonalar va konsulliklar, shuningdek, GameDev va avtomobilsozlik sanoati korxonalari vakillari bor edi.
“Huawei Cloud Go-Global Summit” — bu “Huawei” kompaniyasi tomonidan har yili oʻtkaziladigan tadbir boʻlib, tajriba almashish va global bozor uchun mintaqaviy sanoat yutuqlari va innovatsiyalarini muhokama qilishga qaratilgan. Forum davomida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo hukumatlari vakillari mintaqaviy bozorlarning siyosati va hozirgi holati bilan oʻrtoqlashdilar, shuningdek, Xitoy kompaniyalariga Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi bozor salohiyatini chuqurroq tushunish va koʻproq biznes imkoniyatlarini oʻrganishga yordam berishdi. Mazkur forum orqali Xitoy kompaniyalari xorij bozorlarini kengaytirish, ushbu mintaqalarning cheksiz salohiyatini oʻrganish va yanada kengroq xalqaro rivojlanishga erishishda davom etishi kutilmoqda.
IT Park vakillari Oʻzbekiston haqida taqdimot oʻtkazib, biznes sharoitlari, taʼlim darajasi, yosh mutaxassislarning ko‘pligi, bank tizimi va mamlakatda biznes yuritishning afzalliklari haqida maʼlumot berishdi. Shuningdek, Xitoy kompaniyalariga autsorsing ofislarini ochish, ixtisoslashgan tajriba va malakaga ega xodimlarni topish, soliq imtiyozlari va kompaniya faoliyatining birinchi yilidagi xarajatlarni toʻliq qoplashni oʻz ichiga oluvchi IT Parkning rezidentlik dasturi taqdim etildi.
Shuningdek, forum doirasida koʻrgazma boʻlib oʻtdi va unda IT Park oʻz stendini taqdim etib, har bir kompaniyaga Oʻzbekiston bozori haqida batafsil maʼlumot olish, savollar berish va IT Park rezidentligini olish jarayonini boshlash imkonini yaratdi.
Bundan tashqari, Xitoyga uyushtirilgan tashrif doirasida dizayn va multimedia sohasidagi kompaniyalarni birlashtirgan “SIDA” – Shenchjen grafik dizaynerlar uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ular orasida “INNOZEN Design”, “CBON Consultant International”, “ZOU Design”, “Z WAVE Design”, “9-oʻclock Design”, “HAOYUN WORKS” kompaniyalari bor. “SIDA” assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumini imzolash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Qolaversa, “SIDA” assotsiatsiyasiga aʼzo kompaniyalar tez orada Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini ochish istagini bildirishdi.
2024-06-24