IT Park Irlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

31-may va 1-iyun kunlari IT-Park delegatsiyasi 2017-yildan buyon Dublin shahrida o‘tkazib kelinayotgan Dublin Tech Summit xalqaro texnologiya konferensiyasida ishtirok etdi. Anjuman doirasida IT-kompaniyalarning ko‘rgazmalari, panel muhokamalari va ma’ruzachilarning chiqishlari o‘rin oldi. Tadbirda 60 dan ortiq davlat vakillari va dunyoning 80 dan ortiq korporativ hamkorlari ishtirok etdi.

Sammit IT Park delegatsiyasiga O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyatini namoyish etish imkonini berdi. Anjuman ishtirokchilari IT-autsorsing sohasida hamkorlik qilish rejalarini, shuningdek, O‘zbekistonda vakolatxona ochish imkoniyatlari va afzalliklarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, Irlandiya kompaniyalari iyul oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan Digital Leadership forumida ishtirok etish uchun taklif qilindi.

Dublinga safari doirasida IT Park mutaxassislari Enterprise Ireland Digital Technology menejeri Devid Birn bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida u tashkilotning Irlandiya kompaniyalarining global kengayishini qo‘llab-quvvatlashdagi roli haqida gapirdi. Muzokaralar natijasida Irlandiya kompaniyasi IT Park bilan tajriba va ma’lumotlar almashishga tayyorligiga ishontirdi.

Enterprise Ireland - global bozorlarda Irlandiya biznesini rivojlantirish va mahalliy kompaniyalarni o'z mahsulotlari va xizmatlarini chet el bozorlariga eksport qilishda qo‘llab-quvvatlash uchun mas'ul bo'lgan davlat organi.

Shuningdek, delegatsiya IDA Ireland kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Rebekka Skeffington bilan uchrashdi.

IT Park vakillariga Irlandiyada rivojlanayotgan AKT sanoati va uning biznes uchun taqdim etayotgan ko‘plab imtiyozlari haqida so‘zlab berildi. Muloqot natijasida tomonlar kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashishga kelishib oldilar. Shuningdek, IDA Irlandiya rahbariyati Digital Leadership Forumda ishtirok etishga taklif qilindi.

IDA Ireland - Irlandiyaga kiruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va ushlab turish uchun tashkil etilgan mas’ul agentlik. Agentlik 1949-yilda tashkil etilgan va 1969-yilda hukumat homiyligidagi notijorat avtonom tashkilotga aylantirildi. Bugungi kunda u Irlandiyaning xorijiy investorlar bilan munosabatlarida muhim rol o‘ynaydigan yarim davlat organidir.

 

2023-06-07